Yangi tizim: Jinoyat qurbonlari va jabrlanuvchilariga maxsus pensiya tayinlanadi
Jamiyat
−
23 dekabr 2019
6487Endilikda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan.
Qaror loyihasida qayd etilishicha, himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda, halok bo‘lgan (vafot etgan) shaxsning oila a’zolariga va uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanadi.
Himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, unga himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi va nogironlik pensiyasi tayinlanadi.
Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilgan yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, unga himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi.
Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda, agar uning oila a’zolari va uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar turli bir yo‘la beriladigan nafaqalar olish huquqiga ega bo‘lsa, bir yo‘la beriladigan nafaqalardan bittasi ularga o‘z tanloviga ko‘ra tayinlanadi.
Tan jarohati yetkazilgan yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, bir vaqtning o‘zida turli bir yo‘la beriladigan nafaqalarni olish huquqiga ega bo‘lgan himoya qilinuvchi shaxslarga o‘z tanloviga ko‘ra bir yo‘la beriladigan nafaqalardan bittasi tayinlanadi.
LiveBarchasi