Nazarbekov bir jinsli nikohga qarshi kurashishning yo‘lini aytdi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bir jinsli nikoh va boshqa tashqi tahdidlarga qarshi turishning yo‘lini aytdi. U bu haqda Sankt-Peterburgda o‘tgan Birlashgan madaniyatlar forumi doirasida Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vaziri Olga Lyubimova bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tdi, deb TASS xabar berdi. 

“Madaniy xilma-xillikni saqlagan holda madaniy merosimiz va qadimiy an’analarimizni asrab-avaylash va xalqaro madaniy almashinuvni kuchaytirish – bir jinsli nikohlar, noaniq pop madaniyat an’analari, qalbaki san’at va yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan adabiy obrazlar yaratishga urinishlar kabi turli ehtimoliy tashqi tahdidlarga qarshi turishning muhim omili hisoblanadi. Yuqoridagilarning barchasi madaniyatga bevosita tahdid soladi. Shu nuqtayi nazardan, insoniyatning ma’naviy rivojlanishining kelajagi bevosita madaniyatlarning sofligi va haqiqiyligini saqlashga bog‘liq”, degan Nazarbekov. 

Vazir O‘zbekistonda 130 dan ortiq turli millat va elat vakillari tinch-totuv yashayotgani, ularning madaniyat markazlari mavjud bo‘lib, ularga o‘z madaniyatini erkin namoyish etish imkoni berilayotganini alohida urg‘ulagan. 

Nazarbekovning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Sankt-Peterburgdagi forumda ishtirok etgani haqida xabar bergan va unda shunday yozgan: 

"Insoniyatning kelgusi ma’naviy taraqqiyoti madaniyatlarning sofligi va aslligini saqlab qolish, dunyo madaniyatiga qanday ulush qo‘shamiz va o‘z navbatida, dunyo bizni qanday qabul qilishiga bevosita bog‘liq. Zero dunyodagi aksariyat keskinliklar avvalo, tushunarsiz, “yangi” madaniyatlarni singdirishga urinish, madaniyatlaro qarama-qarshilikdan kelib chiqmoqda. Dunyo bugun qanday rivojlanish yo‘lida bo‘lmasin, qadim sivilizatsiyalarga asos bo‘lgan madaniyatlarni saqlab qolishimiz kerak".

Ma’lumot uchun, 16-18 noyabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida IX xalqaro madaniyat forumi – Birlashgan madaniyatlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Rossiya Federatsiyasi hukumati va Madaniyat vazirligi, Sankt-Peterburg hokimiyati va Davlat Ermitaji tomonidan tashkil etildi. 

Forumda dunyoning 70 ga yaqin mamlakati vakillari, jumladan 60 nafarga yaqin madaniyat vazirlari ishtirok etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing