2020 yilning 3 aprel kuni soat taxminan 21:00 lar atrofida Navoiy viloyatining Karmana tumanidan Navoiy shahri hududiga o‘tuvchi chegara postida harakatlanib kelayotgan abgor holatdagi yengil mashina tungi navbatchilikda o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan PPX vaMilliy gvardiya xodimlarining e’tiborini tortdi.
Xodimlar tomonidan mashina to‘xtatiladi. Ma’lum bo‘lishicha, uning ichida 1 yashar qiz hushsiz holatda yotardi. Fuqaro Latif Yo‘ldoshev va uning rafiqasi qizini shifoxonaga olib bormoqchi bo‘lib, yo‘lga tushishgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, xodimlar tomonidan o‘sha vaqtning o‘zida zudlik bilan unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatiladi. So‘ngra bemor Viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib boriladi.
“Bemor 39,5 daraja yuqori isitma haroratida hushsiz holatda shifoxonaga olib kelindi. 2 daqiqalik kechikish uning hayotini ayanchli yakunlashi mumkin edi. Ayni paytda qizcha hayotga qaytdi, uning salomatligi yaxshi hamda shifokorlar nazoratida”, deydi Viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasining oliy toifali shifokori Bobomurod Pardayev.