Navoiyda kriptoferma davlatga 24 mlrd so‘m zarar keltirgani aniqlandi
Jamiyat
−
23 Oktabr 2023
7244Navoiy viloyatining Karmana tumanida davlat manfaatlariga 24 milliard so‘mdan ziyod zarar keltirgan noqonuniy mayning fermasi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Karmana tumanidagi qurilishi tugallanmagan binoda nazorat tadbiri o‘tkazilganda fuqaro R.E.ga tegishli, umumiy iste’mol quvvati 840,4 kVt ni tashkil etadigan mayning qurilmalari quvvati 630 kVt ga teng ikkita transformatorga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlangan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, 24 milliard 415 million 300 ming so‘m qayta hisob-kitob qilingan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida mayning kripto-aktivlari qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar aniqlangan edi. Mazkur holatda elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan bo‘lib, unda davlat va jamiyat manfaatlariga 1,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgandi. Shuningdek, Buxoro viloyati Romitan tumanida davlatga 2,5 milliard so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangandi.
O‘zbekiston hududida yashirin mayningni, anonim kripto-aktivlar mayningini, ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilga mos kelmaydigan manzilda mayningni va ruxsatnomasiz mayningni amalga oshirish taqiqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, “Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekistonda mayning faoliyati quyosh energiyasi bilan amalga oshirilishiga ruxsat berilgan.
LiveBarchasi