Navoiyda Elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi
Jamiyat
−
19 dekabr 836 2 daqiqa
Navoiy viloyatida yirik energetik infratuzilma loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha 300 megavatt quvvatga va soatiga 600 megavatt quvvatga ega ob’ektni ko‘zda tutadi. Bu 17 dekabr kuni qabul qilingan “Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt (600 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC - Masdar” (BAA) kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatida elektr energiyasini saqlash tizimini barpo etish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolangan. Mazkur loyiha aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlash, shuningdek, energiya tizimida yuklama keskin oshib ketadigan davrlarda uzluksizlikni saqlashga xizmat qiladi.
Investor o‘z huquq va majburiyatlarini loyihani amalga oshirish uchun tashkil etiladigan maxsus Loyiha kompaniyasi foydasiga o‘tkazadi. Ushbu kompaniya elektr energiyasini saqlash tizimining doimiy ravishda ishga tayyor holatda bo‘lishini kafolatlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Shuningdek, Loyiha kompaniyasi elektr energiyasini saqlash tizimini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun zarur bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni qurishi belgilangan. Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng mazkur infratuzilma ob’ektlari “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga topshiriladi.
Qayd etilishicha, elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni qurish uchun Loyiha kompaniyasi tomonidan sarflangan xarajatlar elektr energiyasi tarifi tarkibida inobatga olinadi.
Mazkur loyiha energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish hamda mamlakat energetik xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston O‘zbekistondan elektr energiyasi olishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda Tojikiston sutkasiga 2 mln kVt/soatgacha elektr energiyasi olyapti. O‘zbekistonning imkoniyatlari kengaygan taqdirda yetkazib berish hajmlarini oshirish ham rejalashtirilgan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr