Navoiyda giyohvand moddani Qur’on kitobiga solib sotmoqchi bo‘lgan “mulla” ushlandi

Jamiyat

image

Navoiy viloyatida Qur’oni Karimning orasiga giyohvand moddani solib, sotmoqchi bo‘lgan mulla ushlandi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1969 yilda Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan fuqaro 1 800 AQSH dollari evaziga tanishiga 3,84 gramm “opiy” giyohvand moddasini sotayotgan vaqtda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Xabarda ta’kidlanishicha, fuqaro giyohvand moddani sotishda Islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni Karimdan foydalangan. U 2 grammga yaqin giyohvand moddani mazkur kitobning ichiga yashirgan.

Qo‘lga olingan fuqaroning aytishicha, u mazkur ishning noto‘g‘ri ekanligini bilgan, biroq xayoli buzilgani uchun shu ishni qilgan.

Tergov-surishtiruv jarayonlarida aniqlanishicha, mazkur jarayonda giyohvand modda ta’minotchisi 1972 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan toshkentlik fuqaro bo‘lgan. U sudlanishidan oldin ham, sudlanib chiqqanidan keyin ham tojikistonlik tanishidan giyohvand modda olib, uni o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

Giyohvand moddaning xaridori sifatida mazkur holat bo‘yicha qo‘lga olingan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, u kasalligi sababli bir gramm giyohand moddani 3-4 kun iste’mol qiladi.

Navoiy viloyati IIB tomonidan ma’lum qilinishicha, mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida avval ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq insoniylik tamoyillari qo‘llanilib, ular sud zalidan ozod qilingan.

Qilmishidan tegishli xulosa qilmagan bu fuqarolar yana jinoyatga qo‘l urgan. Hozirgi paytda mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

giyohvand modda Qur'on

Baholaganlar

270

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing