Navoiy viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
Jamiyat
−
07 noyabr 2023
7888Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Azamat Egamberdiyevich Mirzayev Navoiy viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Azamat Mirzayev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Qayd etish kerakki, 2020 yilning noyabr oyidan buyon Baxtiyor Basimovich Ahmedov Navoiy viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Biroq kecha, 6 noyabr kuni yo‘q joydan viloyat prokuraturasining hamda Bosh prokuraturaning Telegramʼdagi rasmiy kanalida “Navoiy viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi D.Rahmatullayev tomonidan sayyor qabul tashkil qilindi” sarlavhasi ostida xabar e’lon qilindi.
QALAMPIR.UZ mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi.
Uning ma’lum qilishicha, joriy yilning 4 noyabr kuni Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etilgan.
“Ahmedov hozirda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda”, deydi Hayot Shamsutdinov.
Shuningdek, ushbu tayinlovga qadar viloyat prokurori Bahodir Ahmedovning o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Doniyor Rahmatullayev Navoiy viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, viloyat prokurori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Doniyor Rahmatullayev o‘rniga Azamat Mirzayev kelgan.