“Navoiyazot” mas’ullari jamoatchilikka tushuntirish bersin – Ekopartiya Zarafshon daryosidagi zaharlanishga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, “Navoiyazot” AJ tomonidan Zarafshon daryosiga ko‘p miqdorda hayot uchun xavfli zararli moddalar oqizilgani oqibatda baliqlar ommaviy zaharanib, nobud bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Zarafshon daryosiga oqizilgan sanoat chiqindilari sabab ko‘plab baliqlarning nobud bo‘lishi yuzasidan munosabat bildirib, “Navoiyazot” AJ mas’ullari jamoatchilikka tushuntirish berishlarini talab qilmoqda.

Partiya munosabatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-son qaroriga ko‘ra, “Navoiyazot” AJ atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasi, ya’ni yuqori darajadagi xavfli ob’ektlar qatoriga kirishi qayd etilgan. 

“Atrof muhitga xavf darajasi yuqori bo‘lgan bu korxonadan bunchalik ko‘p miqdorda xavfli kimyoviy moddalarning ochiq tabiatga chiqarib yuborilishi birinchi galda qo‘pol qonunbuzarlik va shu bilan birga korxona tomonidan atrof-muhit muhofazasiga e’tiborsizlikning yaqqol ko‘rinishidir.

Sanoat chiqindilarining tabiatga, flora va faunaga, suv va tuproqqa qanchalik katta ziyon keltirishi hech kimga sir emas. Zaharli kimyoviy moddalar nafaqat suv va tuproqdagi jonzotlar hayotini xavf ostida qoldiradi, shu bilan birga atrof-muhitga salbiy ta’siri uzoq muddat davomida saqlanib qoladi. “Navoiyazot” AJ tomonidan Zarafshon daryosiga chiqarilgan zararli moddalar oqibatida nobud baliqlar misolida ham buni ko‘rishimiz mumkin”, deyiladi partiya munosabatida.

Qayd etilishicha, bu “Navoiyazot” AJ kabi yuqori darajada xavfli ob’ektlarda atrof-muhitga chiqariladigan har qanday chiqindilarni tegishli tartibda nazoratdan o‘tkazish, buning uchun doimiy ravishda ekologiya sohasiga oid mutaxassislar xulosalarini olish yo‘lga qo‘yilmaganidan dalolat beradi. Bunday ob’ektlarning o‘zida doimiy ishlaydigan mana shunday mexanizm yo‘qligi tufayli bunday hodisalar sodir bo‘lmoqda. Eng yomoni bunday holat shu kabi boshqa korxonalarda ham kuzatilmoqda.

Shuningdek, ekologik jihatdan xavfli ob’ektlar tomonidan atrof-muhitga chiqarilayotgan sanoat chiqindilari hamda ularning zararini vaqti-vaqti bilan keng jamaotchilik ishtirokida o‘rganishlar olib borilmaydi, jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilmaydi. Shu bois ham qonunchilik hujjatlari orqali bunday ta’sir choralarini ko‘rishning aniq mexanizmlarini belgilash, me’yoriy-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish vaqti yetgan.

“Yuqori darajada xavfli sanoat ob’ektlari tomonidan atrof-muhitga yetkazilgan zararlarni qoplashning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilishi har doimgidanda dolzarb hisoblanadi. Shu o‘rinda ekologik xavf-xatarlarni sug‘urtalash mexanizmlari joriy etilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur holatni qattiq qoralaydi. “Navoiyazot” AJ mas’ullari mazkur holat bo‘yicha jamoatchilikka tushuntirish berishlarini so‘raymiz va sanoat chiqindilarining bu kabi zararlari nafaqat ekologiyaga, balki insonlarga ham ziyon keltirishini eslatib o‘tamiz”, deyiladi Ekopartiya munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish bo‘limi (Analitik laboratoriya) Karmana tumani ekologiya inspeksiyasi inspektorlari hamda “Navoiyazot” AJning Sanitar labaratoriyasi mutaxassislari tomonidan daryoning oltita nuqtasiga borib o‘rganilganda daryodagi har xil turdagi baliqlarning ommaviy zaharlanishi yuzaga kelganligi aniqlangandi. “Navoiyazot” AJga qarashli (l-tashlama) 267-quduqdan olingan namunalar tahlil qilinganda belgilangan me’yorlardan azot ammoniy – 20 marotaba, azot nitrat – 2,5 marotaba, azot nitrit – 52,5 marotaba, xloridlar – 7,22 marotaba, mis ionlari – 2,2 marotaba yuqoriligi kuzatilgan. 

Ommaviy zaharlanish oqibatida ayni damga qadar aniqlangan zarar 4 milliard so‘mdan ortiq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

zaharlanish Navoiyazot

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made