O‘zbekistonda sakkiz oyda zaharlanishdan necha kishi vafot etgani ochiqlandi

Jamiyat

image

2023 yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda 39 ta  guruhli zaharlanish holati qayd etilgan. Bu davrda 414 nafar fuqaroda umumiy zaharlanish holatlari kuzatilgan. Bu haqda Sanitariya-gigiyena boshqarmasi ovqatlanish gigiyenasi bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismailov ma’lum qildi.

Uning aniqlik kiritishicha, uch nafar fuqaro zaharlanishdan  vafot etgan.  86 nafar bola jabrlangan. Zaharlanish holatlarining 21 tasi (53,8 foiz) botulizm, 1 tasi MTT (2,5  foiz), 13 tasi (23 foiz) ovqattoksikinfeksiyasi va 1 tasi (2,5 foiz) kimyoviy zaharlanishlarga to‘g‘ri keladi.

21 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida yuzaga kelgan botulizm kasalligining 3 tasi — Jizzax, 6 tasi — Samarqand va yana 6 tasi — Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Abdurahmon Ismailov ovqatdan zaharlanish holatlarining kelib chiqishi sabablariga to‘xtalar ekan, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, nodavlat ta’lim muassasalari oshxonalari sanitariya qoida va me’yorlari talablariga mos kelmagan holda faoliyat yuritayotganini qayd etdi.

“Oshxonalar jihozlar bilan to‘liq ta’minlanmagan va mavjudlari esa ma’nan eskirgan yoki nosoz holatda”, deydi Abdurahmon Ismailov. 

Uning ma’lum qilishicha, taom tayyorlash uchun sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari ishlatilishi hamda umumiy ovqatlanish ob’ektlari oshpazlarining ko‘pchiligi soha bo‘yicha o‘qimaganligi, ularning taom tayyorlash texnologiyalarini, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tashish va realizatsiya qilish qoidalarini bilmasligi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Namangan viloyatida 71 nafar bolada zaharlanish alomatlari kuzatilib, shifoxonaga olib borilgandi. 22 sentyabrda esa Andijon viloyatida ham 12 nafar bolada zaharlanish aniqlangandi. 23 sentyabr kuni Toshkent shahrida ham ko‘plab bolalar zaharlanib, shifoxonaga olib borilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

zaharlanish konserva mahsulotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing