Navoiy hokimligi mahallalarni sun’iy intellekt bilan “obodonlashtiryapti”mi?
Jamiyat
−
08 avgust 4851 3 daqiqa
Navoiy shahrining “Hayot” mahallasida olib borilayotgan ishlar haqidagi fotohisobotda hokimlik sun’iy intellektdan foydalangan bo‘lishi mumkin. Hokimlik e’lon qilgan suratlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining turli muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.
Gap shundaki, Navoiy shahar hokimligi Telegram-kanalida joriy yilning 2 avgust kuni “Hayot” mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari haqida xabar bergan. Unda mahallada ko‘cha va ichki yo‘llar, xonadonlar atrofi, ariqlar hamda umumiy foydalanishdagi hududlar tartibga keltirilayotgani aks etgan.
Hokimlik xabarida Navoiy shahar hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Haqberdiyevga “og‘ir toifadagi” “Hayot” mahallasi biriktirilgani, hududda bunyodkorlik, obodonlashtirish va sanitariya-tozalik ishlari nazoratga olingani qayd etilgan.
Biroq mazkur xabarga ilova qilingan suratlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e’tiborini tortib, ba’zilar fotohisobotda ayrim detallar o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Agarda kanalga joylangan suratlarga yaxshilab e’tibor qaratilsa, ularning “avvalgi” va “hozirgi” holatlari taqqoslansa, chindan ham ayrim notabiiy jihatlarni payqash mumkin. Xususan, quyidagi suratda bir hududning ikki holati deyarli bir xil rakursda tasvirlangan bo‘lib, “avvalgi” va “keyingi” kadrlarda avtomobilning bir qismi ham bir xil holatda ko‘rinadi.

Navbatdagi suratda esa devor ostidagi o‘tlar tozalanib, joy betonlangani ko‘rsatilgan. Biroq betonlangan qismda avvalgi suratda ham ko‘ringan kichik manzarali o‘simlik saqlanib qolgan.

Jumdaladan boshqa qator suratlarda ham “avvalgi” holatda eskirgan devor, ko‘chgan suvoq va qarovsiz hududlar tasvirlangan bo‘lsa, “hozirgi” suratlarda ularning deyarli ideal darajada yangilangani ko‘rsatiladi. Ayrim tasvirlarda devor va boshqa yuzalarning haddan tashqari bir xil va silliq ko‘rinishi, ob’ektlar perspektivasi hamda ularning avvalgi suratdagi joylashuvi bilan to‘liq mos kelmasligi e’tiborni tortadi.

Ushbu jihatlar suratlarga sun’iy intellekt yordamida ishlov berilgan bo‘lishi mumkinligi haqida savollar uyg‘otadi.
Surat sun’iy intellekt yordamida tahrirlangan-tahrirlanmaganini aniqlashga mo‘ljallangan maxsus servisda tasvir ham tahlil qilingan.
Tekshiruvda suratlarda sun’iy intellekt aralashuvi bo‘lish ehtimoli yuqori ekani ko‘rsatilgan. Olti surat bo‘yicha natijalar mos ravishda 97, 95, 53, 96, 90 va 86 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar yuqorida qayd etilgan ob’ektlarning joylashuvidagi nomutanosibliklar, ayrim yuzalar va teksturalarning haddan tashqari silliqligi, soyalar hamda tasvirdagi ayrim detallarning tabiiy ko‘rinishdan farq qilishi bilan ham uyg‘un keladi.
Shu bilan birga, bunday servislar tahlili sun’iy intellektdan foydalanilganini o‘z-o‘zidan tasdiqlamaydi. Shu sababli mazkur natijani suratda raqamli yoki generativ ishlov berilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha belgi sifatida baholash mumkin.
Ayni paytda Navoiy shahar hokimligi mazkur suratga sun’iy intellekt orqali ishlov berilgani haqida rasmiy izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahri Bo‘stonliq tumani hokimligida chiqindilarni fotosuratdan sun’iy intellekt yordamida o‘chirib tashlagan va ushbu fotoni haqiqiy tozalash natijasi sifatida taqdim etgan amaldor ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi