Navbat Xitoygami? AQSH Tayvanni qurollantirishni kuchaytirmoqda
Olam
−
25 may 2022
13061AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga qurol yetkazib berish tajribasini inobatga olgan holda Tayvanning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi. Bu haqda “The New York Times” manbalariga tayanib xabar bergan.
Nashrning yozishicha, AQSH rasmiylari “Xitoy Qurolli Kuchlarining ehtimoliy hujumini qaytarishga urinish” uchun mintaqadagi “harbiy mavjudligini kuchaytirish”ni kutmoqda. Shu maqsadda AQSH rahbariyati “Tayvan mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirgan”.
Ta’kidlanishicha, Vashington Ukrainaga uning Rossiyaga qarshi tura olishi uchun qurol yetkazib berishdan saboq olmoqda. Qo‘shma Shtatlar Tayvanga F-16V qiruvchi samolyotlari, raketa tizimlari va kemalarga qarshi qurollarni sotishga va’da bergan. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi vaziyatga o‘xshab, Tayvanga razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni boshlashi mumkin.
Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.
Tayvanga qurol yetkazib berish
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.
LiveBarchasi