Navalniyni davolagan shifokorlardan biri to‘satdan vafot etdi
Olam
−
05 fevral 2021
9380Rossiyaning Omsk shahrida 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasi bosh shifokorining o‘rinbosari Sergey Maksimishin vafot etdi. Bu tibbiyot muassasasi o‘tgan yil yozda muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy xushsiz holatda shifoxonaga yotqizilganidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgandi.
Maksimishin 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasining anesteziologiya va reanimatsiya bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shuningdek, tibbiyot fanlari nomzodi Omsk davlat tibbiyot universiteti kafedrasi assistenti bo‘lgan. 55 yoshli Maksimishin ushbu shifoxonada 1992 yildan beri ishlagan.
“U har doim o‘ziga va hamkasblariga talabchan edi, bemorlarning hayoti va sog‘lig‘i haqida gap ketganida shaxsiy vaqtini hisobga olmasdi”, degan shifoxona bosh shifokori Yevgeniya Osipova.
Mintaqaviy sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorning o‘limi sabablarini aytmadi, ammo ular Maksimishinning o‘limi koronavirus bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan.
Britaniyaning "Daily Mail" gazetasi yozishicha, shifokor "qon bosimi oshib" ketganidan keyin "to‘satdan" vafot etgan. Jurnalistlar Maksimishinning hamkasbi Mariya Morozova bilan bog‘langan, u vrachning o‘limi hamma uchun kutilmagan voqea bo‘lganini aytdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning avgust oyida xushsiz holdagi Aleksey Navalniy 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib kelingandi. U Tomsk-Moskva yo‘nalishidagi samolyotdaligida tobi qochgandi. Ekipaj samolyotni zudlik bilan Omskka qo‘ndirgan va Navalniyga yordam ko‘rsatilgandi.
Keyinroq Navalniy Germaniyaga olib ketilib, Berlinda davolatildi. Navalniy joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi. Amo kelishi bilan hibsga olindi.
2 fevral kuni u sud qilindi va muxolifatchining shartli jazosi real qamoq jazosiga o‘zgartirildi.
LiveBarchasi