Navalniyning o‘limi: YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelishib oldi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan Rossiya adliya tizimining bir qator vakillariga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqdagi qaror kecha, 18 mart kuni YeIga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari tomonidan qabul qilindi. 

Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel sanksiyalar Aleksey Navalniyning o‘limida javobgar bo‘lgan 30 nafar shaxs va tashkilotga qaratilganini bildirgan. 

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari sanksiyalarni prinsipial jihatdan ma’qullagan bo‘lsa-da, qonuniy kuchga ega bo‘lgan qaror hali qabul qilinmagan. Batafsil ma’lumotlar yaqin kunlarda e’lon qilinadi.

Qayd etish joizki, fevral oyi oxirida Buyuk Britaniya rossiyalik muxolifat yetakchisining o‘limiga javoban jazo choralarini joriy etgan birinchi davlat bo‘lgan. Sanksiyalarga Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan “Qutb bo‘risi” maxsus rejimli koloniyasi rahbari Vadim Kalinin va besh nafar deputat kiritilgan. Choralar Buyuk Britaniyaga kirishni taqiqlashni va aktivlarni muzlatishni o‘z ichiga oladi.

Shundan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar ham Navalniyning o‘limiga javoban shaxsiy sanksiyalar kiritdi.

Cheklovlar Federal jazoni ijro etish xizmati direktorining o‘rinbosari Valeriy Boyarinev, Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Federal jazoni ijro etish xizmati bo‘limi boshlig‘i Igor Rakitin va 3-jazo koloniyasi rahbariga ta’sir ko‘rsatdi.

Aleksey Navalniyning o‘limi

Aleksey Navalniy joriy yilning 16 fevral kuni Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘idagi “Qutb bo‘risi” maxsus rejimli koloniyasida noaniq sharoitda vafot etdi. O‘lim hisobotida siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgani aytiladi. Muxolifatchi tarafdorlari uning o‘ldirilganiga ishonadi.

Muxolifatchi 1 mart kuni Moskvadagi Borisov qabristoniga dafn etildi. 

Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Navalniyni o‘limidan bir necha kun oldin G‘arb davlatlarida qamoqda o‘tirgan ba’zi odamlarga almashishga tayyorlanayotganini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Aleksey Naval'niy sanktsiyalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing