Navalniyning sherigi uyi yonida bolg‘a bilan hujumga uchradi

Olam

image

Litvada noma’lum shaxs Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KQKF)ning sobiq raisi va Aleksey Navalniyning safdoshi Leonid Volkovga hujum qildi, uning oyoqlari va qo‘llariga bolg‘a bilan urdi. Bu haqda Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

"Leonid Volkovga hozirgina uyi yaqinida hujum qilishdi. Uning mashinasining oynasi singan va ko‘ziga yosh oqizuvchi gaz sepilgan, shundan so‘ng hujumchi Leonidni bolg‘a bilan kaltaklay boshlagan. Hozir Leonid uyda, politsiya va tez yordam mashinasi u tomon ketyapti”, deb yozadi Yarmish.

KQKF direktori Ivan Jdanov o‘zining Telegram-kanalida bu xabarni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Volkovga uyi yaqinida hujum qilingan. Volkovning o‘zi ham keyinroq bog‘lanib, uning qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.

"Bir kishi hovlimda bolg‘a bilan oyog‘imga 15 marta urdi. Oyog‘im butunligicha qoldi – yurganimda og‘riyapti, lekin sinish yo‘q, deyishdi. Lekin qo‘lim sindi. Hozircha izoh berishga tayyor emasman”, deydi u.

Litva Tashqi ishlar vaziri Gabriyelius Gandsbergis voqeaga izoh berdi.

"Leonidga qilingan hujum haqidagi xabar hayratlanarli. Tegishli organlar ish boshladi. Jinoyatchilar o‘z jinoyatlari uchun javob berishlari kerak", deydi siyosatchi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning mart oyida Leonid Volkov Korrupsiyaga qarshi kurash fondi boshqaruvi raisi sifatida jamoat ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga tanaffus qilganini ma’lum qilgan. Bu qaror u 2022 yil oktyabr oyida Yevropa diplomatiyasi rahbari Josep Borrelga “Alfa Grupp” rahbarlariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish talabi bilan maktubni imzolagani va jo‘natganini tan olganidan keyin qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Litva Aleksey Naval'niy Leonid Volkov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing