Navalniyning dafn marosimi o‘tkaziladigan ehtimoliy sana va joy e’lon qilindi
Olam
−
26 fevral
9551Qamoqxonada vafot etgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy 29 fevral kuni Moskvadagi Borisov qabristoniga dafn etilishi mumkin. Bu haqda manbalariga tayanib, “Baza” Telegram-kanali xabar berdi.
“Kecha tunda ular Navalniyning dafn marosimiga Moskvadagi Borisov qabristonini tayyorlashni boshladilar”, deyiladi xabarda.
Biroq ma’lumotlar hali aniq emas. Navalniy Xovanskoye yoki Troyekurovskoye qabristoniga dafn etilishi ham mumkin. Manbaga ko‘ra, dafn marosimining sanasi ham hali ehtimoliy variantlardan biri hisoblanadi.
“Baza” tomonidan e’lon qilingan videoga ko‘ra, bugun, 26 fevralga o‘tar kechasi Borisov qabristonining hududi avtomobillardan tozalangan, panjara esa politsiya tomonidan patrul qilingan.
“Shot” Telegram-kanali ham Navalniyni 29 fevral kuni dafn etish rejalashtirilgani haqida yozdi. Navalniyning oilasi hozircha dafn marosimining aniq sanasi va joyini ma’lum qilgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, 16 fevral kuni tushdan keyin 48 yoshli Aleksey Navalniy Yamaldagi "Qutb bo‘risi" deb ataladigan 3-ahloq tuzatish koloniyasida jazoni o‘tash paytida vafot etgan. O‘limning rasmiy sabablari hozircha oshkor etilmagan, tergovchilar o‘lim bilan bog‘liq holatlarni o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni Aleksey Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish marhumning jasadi onasi Lyudmila Ivanovnaga topshirilganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi