Navalniyning bevasi Inson huquqlari jamg‘armasi raisi etib saylandi
Olam
−
03 iyul
5035Rossiyadagi qamoqxonada vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya Inson huquqlari jamg‘armasi (Human Rights Foundation) raisi etib saylandi. Bu haqda jamg‘arma rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Tashkilotning oldingi raisi Garri Kasparovning vakolati tugatilgan. Navalnaya bu lavozimga kirishar ekan, diktaturaning uning oilasiga qilgan ta’siriga munosabat bildirgan.
“Diktatorlar yaqinlarimiz va butun dunyo uchun qanday tahdid solayotganiga shaxsan guvoh bo‘lgan odam sifatida Inson huquqlari jamg‘armasi raisi lavozimini o‘z zimmamga olishdan juda faxrlanaman. Ushbu qiyin paytlarda insonlarning asosiy huquq va erkinliklarni himoya qilish har qachongidan ham muhimroq. Jamg‘armaning missiyasi mening yuragimga juda yaqin va men uni ilgari surishda yordam berishga doimo tayyorman”, degan u.
Jamg‘armaga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i, marhum rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘rqmasdan qo‘llab-quvvatlagani bilan tanilgan Yuliya Navalnaya Inson huquqlari jamg‘armasiga yangicha yo‘nalish olib kiradi. Bunda unga demokratik tamoyillar va inson huquqlariga bo‘lgan sodiqligi yordam beradi.
2012 yildan beri tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan Garri Kasparov ham Navalnayaga ishonch bildirgan.
“Men Yuliyaga ishonaman. Yuliyaning jasorati va adolatga sodiqligi meni nihoyatda ilhomlantiradi”, degan Kasparov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navalnaya dunyodagi eng nufuzli 100 kishi ro‘yxatiga kiritilgandi. Shuningdek, Yuliya Navalnaya eri uchun Drezden tinchlik mukofotini olgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi