Navalniy sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi, muxolifatchi Aleksey Navalniy birdan g‘oyib bo‘lib qoldi. Uning sheriklari muxolifatchini qidirib, Moskvadagi aksariyat hibsxonalarni tekshirdi, biroq uning daragi chiqmadi.  Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Ivan Jdanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Baza”ning Aleksey Moskvada ekani va u bilan tergov harakatlari olib borilayotgani haqidagi versiyasi tasdiqlanmadi. Tergov harakatlari advokatlarsiz amalga oshirilmaydi. Barcha tergov harakatlari allaqachon Vladimirda bo‘lib o‘tgan. Sakkiz kundan beri biz Aleksey Navalniyning qayerdaligini bilmaymiz”, deydi Jdanov.

Siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmishning qo‘shimcha qilishicha, Navalniy shifokorlar nazoratida ekani haqidagi mish-mishlar ham tasdiqlanmagan.

"Aleksey shifokor nazorati ostida", degan mish-mishlar ham bor edi. Biz bu mish-mishlarga ishonmaymiz va ular tasdiqlanmagan. Alekseyga uch yil davomida tibbiy yordam ko‘rsatilmadi, bir yildan ko‘proq vaqt davomida unga hatto tish shifokoriga borishga ham ruxsat berilmagan”, deb yozgan Yarmish.

Ma’lumot uchun, 5 dekabrdan beri Navalniyning qayerdaligi va sog‘lig‘i haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. 11 dekabr kuni Vladimir viloyatining Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi xodimlari Aleksey Navalniy endi ularning ro‘yxatida emasligini ma’lum qildi. Koloniya uning qayerga ko‘chirilganini aytmadi. Bungacha advokatga siyosatchi bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. Navalniyning o‘zi esa sud majlislariga videoaloqa orqali qatnashishni to‘xtatgan. 12 dekabr kuni “Baza” Telegram-kanali o‘z ma’lumot manbalarini ko‘rsatmay, Navalniy yangi jinoiy ish bo‘yicha tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Moskvaga ko‘chirilganini yozdi. Muxolifatchi siyosatchining tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda #GdeNavalniy heshtegini yo‘lga qo‘ydi va uning qayerda ekani haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi.

Aleksey Navalniy 2021 yil boshidan beri qamoqda. 2023 yil avgustida Moskva shahar sudi siyosatchini “ekstremizm” ishi bo‘yicha maxsus rejimli koloniyada 19 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Siyosatchining g‘oyib bo‘lishi u jazoni o‘taydigan yangi koloniyaga o‘tkazilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshida Aleksey Navalniyga nisbatan yangi jinoiy ish ochilgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, Navalniyga Jinoyat kodeksining 214-moddasi ("Vandalizm") bo‘yicha qo‘shimcha uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing