Navalnaya Yevroparlamentda chiqish qildi

Olam

image

Kecha, 28 fevral kuni Yuliya Navalnaya Stratsburgda Yevroparlament a’zolari oldida chiqish qildi va ularga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning asosiy dushmanining bevasi bo‘lish qanday bo‘lganini aytib berdi

Uning nutqidagi siyosiy chaqiriq bitta edi: Yevropa Ittifoqida Vladimir Putin boshchiligidagi "uyushgan jinoiy to‘da" bilan diplomatiya va xavotir izhorlari yordamida emas, balki moliyaviy firibgarlik va "mafiya" sheriklarini qidirish va yashirin pullarni izlash orqali kurashish kerak. 

Yuliya Navalnaya bir hafta oldin Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan uchrashganda Rossiyada bo‘lajak prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka chaqirgandi. Biroq bu safar bu mavzu chetda qoldi. Ammo u Ukrainadagi urushni qoraladi.

Biroq, ba’zilar uchun bu yetarli emas edi. Misol uchun, germaniyalik Viola fon Kramon-Taubadelning fikricha, Yuliya Navalnaya Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzkorligini qoralashdan tashqari, o‘z davridagi Svetlana Tixanovskaya kabi bu urushda Rossiya mag‘lub bo‘lishi kerakligini aytishi kerak edi.

Litvadan Rossiya bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Andrius Kubilius nemis hamkasbining fikriga qo‘shilmadi. 

“G‘arb siyosatchilari bu haqda Yevropa parlamentida ham ko‘proq gapirishi kerak. Agar biz Rossiya o‘zgarishini istasak, o‘zimiz ham, Yuliya Navalnaya yoki boshqa birov bizga nima qilish kerakligini aytmaguncha kutmasdan,  oligarxlarni ta’qib qilish va Ukrainaga yordam berish strategiyasini amalga oshirishimiz kerak”, deydi Kubilius.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, garchi bunday tinglovlarda buning aksini e’lon qilishsa-da, yevropalik deputatlar orasida Rossiyaning demokratik kelajagiga aslida ishonmaydiganlar ham bor.

"Bugun eng muhimi qo‘rqmaslikdir. Navalniy qo‘rqmaganidek, ukrainaliklar ham qo‘rqmaganidek, Putinni to‘liq mag‘lub etishdan va Ukrainaga g‘alaba qozonishda yordam berishdan qo‘rqmanglar", deya hamkasblariga murojaat qildi Litvaning yana bir vakili Rasa Juknevichiyene munozara davomida. 

Andrius Kubiliusning fikricha, Rossiyadagi rejimni yengishning yagona yo‘li Ukrainaning G‘arb ko‘magida harbiy g‘alabasi, shuningdek, Ukrainaning keyinchalik Yevropa Ittifoqi va NATOga integratsiyalashuvidir. 

"Bu Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun, agar mamlakat demokratik tamoyillarga rioya qilsa, bunday muvaffaqiyatga erishish mumkinligi haqida ilhomlantiruvchi misol bo‘lishi mumkin", deb hisoblaydi deputat.

Aksariyat parlamentariylar Yuliya Navalnayaga uning dardini baham ko‘rganliklarini va unga jasorati, chidamliligi va erining ishini davom ettirish qarori uchun minnatdorlik bildirdi. Yevropa xalq partiyasi guruhi rahbari Manfred Veber unga: 

“Siz erkin va demokratik Rossiya umidini saqlaysiz. Yevropaliklar va demokratlar sifatida biz bu umidni siz bilan birga olib yurishimiz mumkin”, degan. 

Samimiy ta’ziyadan so‘ng Navalniyning bevasining murojaatidan aniq ta’sirlangan parlament a’zolari Rossiya muxolifati yetakchisining o‘limi holatlari yuzasidan mustaqil xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirishdi. 

Yevroparlament Rossiyadagi yuzlab siyosiy mahbuslar, jumladan Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin taqdiridan xavotirda. 

“Eringiz xotirasiga biz nafaqat mustaqil tergovga erishish, balki Rossiyada qolgan siyosiy mahbuslar va bu shafqatsiz rejimdan jabr ko‘rayotganlarni himoya qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak”,  deydi Germaniyadan “yashillar” guruhi hamraisi Terri Reyntke.

Yevropa komissari Kadri Simsonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nodavlat tashkilotlari siyosiy mahbuslarni, jumladan, urushga qarshi namoyishlar ishtirokchilarini huquqiy himoya qilish uchun Bryusseldan yordam oladi. Simsonning aytishicha, Yevropa Ittifoqi mustaqil rus tilidagi ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. 

“Biz Rossiyaga inson huquqlari buzilishi yuzasidan xalqaro bosim o‘tkazishda davom etamiz va shaxslarni, shu jumladan sud jarayonlarini kuzatish orqali qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb va’da berdi Yevropa komissari.

Yevroparlament bugun, 29 fevral kuni “Aleksey Navalniyning o‘ldirilishi va Rossiyada siyosiy mahbuslar va bostirilgan fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqining choralar ko‘rish zarurligi” rezolyutsiyasiga ovoz beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Evroparlament Yuliya Naval'naya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing