“Poraxo‘rlar uyasi”. Aliyev Yevroparlament haqida keskin gapirdi
Olam
−
21:47 1181 3 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Yevropa parlamentini “poraxo‘rlar uyasi” deb atadi hamda uni ikkiyuzlamachilik standartlari va islomofobiyada aybladi. Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni Bakuda xalqaro konferensiyalar – Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining VII yig‘ilishi va Yahyo Bakuviy nomidagi Birinchi xalqaro konferensiya ishtirokchilarini qabul qilish marosimida gapirdi.
“Yevropa parlamenti – bu poraxo‘rlar uyasi. Men buni to‘liq mas’uliyat bilan aytyapman”, deydi Aliyev.
U Yevroparlament sobiq vitse-prezidenti Yeva Kayli bilan bog‘liq korrupsion mojaroni eslatib o‘tgan.
“Uning vitse-prezidenti uyidan chemodanlarda millionlab dollar olib chiqildi, ular buning hammasini yashirishdi. Uning ismi ma’lum, u gretsiyalik ayol deputat. U hibsga olinganidan beri necha yil o‘tdi? Unga nisbatan biror chora ko‘rildimi? Yo‘q! Javobgarlikka tortildimi? Yo‘q! Uni ozod qilishdi”, deydi Ozarbayjon yetakchisi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Yevroparlament Armaniston tomoni Ozarbayjon hududlarini okkupatsiya qilgan butun davr mobaynida Yerevanni qo‘llab-quvvatlagan va unga qarshi birorta ham sanksiyaviy qadam tashlamagan.
“Armaniston boshqa davlat hududining 20 foizini egallab oldi, u yerdan 700 ming kishini siqib chiqardi, Armanistondan 250 ming ozarbayjonlikni haydab yubordi, barcha shaharlarni vayron qildi. Nega siz unga qarshi sanksiyalar kiritmaysiz? Demak, bu ikkiyuzlamachilik standartlaridir”, deydi Prezident.
Shu bilan birga Aliyevning aytishicha, Ozarbayjon 2023 yil sentyabrida Qorabog‘ ustidan nazoratni tiklaganidan so‘ng, Yevropa Kengashi oradan atigi to‘rt oy o‘tib Bakuga qarshi sanksiyalar kiritgan.
“Qarang, bu ularning asl basharasi”, deydi u.
Ozarbayjon rahbari, shuningdek, Yevropa institutlaridagi islomofobiyaga ham e’tibor qaratgan.
“Dinimiz va islom dunyosiga qarshi e’lon qilinmagan urush olib borilmoqda. Islomofobiya esa uning kichik bir qismi xolos”, deydi Aliyev.
Uning fikricha, bunday bosimga birdamlik bilan javob berish kerak. Ozarbayjon yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, turkiy dunyo, Kavkaz va islom dunyosi birga bo‘lsa, hech kim sindira olmaydi va nohaqlik qilolmaydi.
Ma’lumot uchun, Aliyev yuqorida nazarda tutgan Yevroparlament atrofidagi mojaro 2022 yil dekabrida avj olgan edi. Belgiya politsiyasi Yevroparlament vitse-prezidenti, gretsiyalik Yeva Kayli, uning otasi va sherigini qo‘lga olgan. Tintuvlar chog‘ida 1,5 million yevrodan ortiq naqd pul musodara qilingan – banknota boylamlari gumonlanuvchilarning chemodanlari, sumkalari va xonadonlaridan topilgan. Tergov taxminiga ko‘ra, mablag‘lar Fors ko‘rfazi davlatlaridan ularning manfaatlarini Yevroparlamentda ilgari surish evaziga kelib tushgan. Ish omma orasida “Katargeyt” nomini olgan.
Baku va Yevropa institutlari o‘rtasidagi munosabatlar Ozarbayjon 2023 yil sentyabrida Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganidan so‘ng yomonlashdi. 2024 yil yanvarida Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (YeKPA) inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganini vaj qilib, Ozarbayjon delegatsiyasining vakolatlarini tasdiqlashdan bosh tortdi. Bunga javoban Baku YeKPA bilan hamkorlikni vaqtincha to‘xtatdi, 2024 yil avgustida esa Ozarbayjon delegatsiyasiga qarshi ovoz bergan deputatlarning mamlakatga kirishini taqiqladi.
Live
Barchasi