NATOning Arktika floti Rossiyanikidan 10 yil ortda qolgan – “Reuters” 

Olam

image

Arktika mintaqasidagi NATO harbiy-dengiz kuchlari harbiy texnika jihatidan Rossiyadan 10 yil orqada. Bu haqda bugun, 3 iyul kuni Finlyandiya xalqaro munosabatlar instituti ma’lumotlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Institut rahbari Samu Paukkunenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushga qaramay, Shimoliy flotning dengiz tarkibiy qismi va strategik bombardimonchi samolyotlari o‘z holicha qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Arktikada harbiy va gibrid salohiyatini faol oshirmoqda.

Aytilishicha, NATO Shvetsiyaning alyansga kirishi shimoliy mintaqadagi pozitsiyalarini tenglashtirishi mumkin, deb hisoblamoqda. 

“Agar Germaniya boshchiligidagi hamda Finlyandiya va Shvetsiya ishtirokidagi barcha kuchlarni hisobga oladigan bo‘lsak, bu Boltiq dengizidagi kuchlar muvozanatini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin. Shunda Rossiyaning Boltiqbo‘yi floti uchun erkin rejimda ishlashi qiyinroq bo‘ladi, ammo bu NATO uchun muammo tug‘dirishi mumkin", deydi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti a’zosi Nik Chaylds. 

Ma’lumot uchun, Finlyandiya shu yilning 4 aprelida Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lgan. Bundan oldin u Shvetsiya bilan birgalikda 2022 yilning may oyida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, biroq Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilot deb e’lon qilishni va 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan shaxslarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayoniga to‘sqinlik qilgan. Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Shimoliy floti Arktika zonasida bir qator mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi. AQSH harbiy-dengiz kuchlari shtab boshlig‘i, admiral Maykl Gilday ham Pentagon global raqobat maydoniga aylanib borayotgan Arktikaga ko‘proq e’tibor qaratmoqchi ekanini va u yerda xalqaro harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Arktika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing