NATOga yo‘l: Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaga 10 ta shart qo‘ydi

Olam

image

Rasmiy Anqara Stokgolm va Xelsinki oldiga 10 ta shart qo‘ydi, ularning bajarilishi Turkiya hukumatini Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zoligiga munosabatini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni “Yeni Safak” gazetasi xabar berdi.

Joriy yilning 25 may kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Shvetsiya va Finlyandiya vakillariga bir qator talablar taqdim etildi. Xususan, nashrga ko‘ra, har ikki davlat terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashda Anqarani qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilishi va tegishli qonun hujjatlarini qabul qilishi kerak.

Shvetsiya va Finlyandiya o‘z hududlarida Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) bilan aloqador barcha tashkilotlarni, ularning aktivlari va media manbalarini yopishi va qayta ochilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Bundan tashqari, Anqara Stokgolm va Xelsinkidan mudofaa sanoati mahsulotlariga embargoni bekor qilishni va terrorchilar bilan aloqador shaxslarni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda.

Turkiya hukumati, shuningdek, mamlakatlar razvedka xizmatlari o‘rtasida terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha 25 may kuni Anqarada Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Turkiya Prezidenti matbuot kotibi Ibraxim Kalin Turkiya Anqara xavfsizlikka oid choralar ko‘rilmasa, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusi oldinga siljimasligini ochiq aytdi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.

29 mayga kelib Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalari bilan ushbu mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lish masalasi bo‘yicha muzokaralar natijalaridan norozi ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Turkiya Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

54

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing