NATOdagi ko‘pchilik Stoltenbergni o‘rniga Ryutte kelishini xohlayapti

Olam

image

Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte o‘tgan hafta o‘z mamlakatida o‘tkazilgan saylovlarda o‘ta o‘ng kuchlar g‘alaba qozonganiga qaramay, NATO Bosh kotibi lavozimini egallash sari ishonch bilan bormoqda. Uning nomzodi alyans doirasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu haqda NATOdagi diplomatlarga tayanib, Agence France-Presse (AFP) xabar berdi.

Tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenbergning vakolat muddati tugashiga deyarli bir yil vaqt qoldi, biroq Bryusselda “uning vorisi bo‘lish uchun poyga ketmoqda”. Alyansning bir qancha diplomatlari 56 yoshli Ryutte "yaxshi muzokarachi" va "tajribali Bosh vazir" ekanini aytgan, chunki u 13 yildan beri hukumatni boshqarib kelyapti.

"U NATOda ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi", deydi NATOdagi diplomatlardan biri.

Uning aytishicha, AQSH va Fransiya Ryutte nomzodini alyansning boshqa a’zolariga qaraganda kuchliroq himoya qiladi.

 Kanadani ham o‘z ichiga olgan ba’zi ittifoq mamlakatlari imkon qadar tezroq merosxo‘r to‘g‘risida qaror qabul qilishni xohlaydi. O‘z navbatida, Britaniyaning NATOdagi doimiy vakili Devid Kuorri shu hafta Bryusseldagi hamkasblarini nomzodni tasdiqlash jarayoni “biroz vaqt olishi” haqida ogohlantirgan. Diplomat, shuningdek, nomzodlar ko‘pincha so‘nggi daqiqada e’lon qilinishini ta’kidlagan va shuning uchun doimiy vakillar "faqat kutishi va kuzatishi mumkin" ekanini aytgan.

 “NATOning ayrim davlatlari Shimoliy Atlantika alyansi tarixida birinchi marta ayol kishi boshliq bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi”, deyiladi xabarda.

Hozircha faqat Estoniya Bosh vaziri Kaja Kallas tashkilot Bosh kotibi lavozimini egallashga tayyorligini oshkora e’lon qilgan. Biroq, manbaga ko‘ra, uning nomzodi hatto Boltiqbo‘yi mamlakatlarida ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmayapti. NATO Bosh kotibi lavozimiga Latviya Tashqi ishlar vaziri Krisyanis Karins ham ariza topshirishi mumkin.

AFP Stoltenbergning potensial vorisi sifatida Ryutte uchun bir qancha afzalliklarni sanab o‘tgan. Niderlandiya Bosh vaziri ko‘plab Yevropa yetakchilari bilan aloqa o‘rnatgan va hatto AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan muloqot qilgan. Bu uning 2024 yilgi saylovlardan keyin Oq uyga qaytishi ehtimoli bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Stoltenberg AFP agentligiga bergan intervyusida Ryutteni "do‘st" va bu lavozim uchun "tajribali" nomzod deb atagan. Shunga qaramay, Bosh kotibning o‘zi ta’kidlaganidek, uning vorisi kim bo‘lishi unga bog‘liq emas.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Yens Stoltenberg Niderlandiya Mark Ryutte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing