NATO Ukraina va Rossiya urushiga kiradimi?
Olam
−
18 Oktabr 2022
15592NATO Ukrainadagi mojaroda ishtirok etishga intilmayapti, Kiyevga “halokatli yordam”ni muvofiqlashtirmaydi va o‘z qo‘shinlarini yubormaydi. Bu haqda bugun, 18 oktyabr kuni AQSHning alyansdagi doimiy vakili Julian Smit Berlin tashqi siyosat forumida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“[NATO] mojaro tarafi bo‘lishga umuman yaqin emas. [Madrid sammitida] biz NATOning mojaro ishtirokchisi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaror qildik. Bu qaror boshidanoq qabul qilingan va men bu siyosat doirasida yagona yondashuvda hech qanday kelishmovchilikni ko‘rmayapman”, deydi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, alyans Kiyevga “o‘limga olib keluvchi yordam” ko‘rsatmaslik haqida “qat’iy” qaror qabul qilgan. Alyans mamlakatlari Ukrainaga gumanitar, iqtisodiy va xavfsizlik sohasida alohida-alohida yordam ko‘rsatadi.
“Ammo NATOning o‘zi [ittifoq sifatida] nafaqat bu yordamni muvofiqlashtirmaydi, balki ta’minlamaydi ham. Ukrainaga qo‘shin yubormaydi. NATO qo‘mondonlari yo‘q. Ukrainada NATO aktivlari haqida hech narsa yo‘q va bu o‘zgarmaydi deb o‘ylamayman”, deydi Smit.
Eslatib o‘tamiz, 11 oktyabr kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyaning g‘alabasi Ukraina uchun ham, alyans uchun ham katta mag‘lubiyat bo‘lishini, chunki bu dunyoni yanada xavfli, NATO mamlakatlarini esa Rossiya agressiyasiga nisbatan zaifroq qilishini aytdi. U, shuningdek, alyans Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi va davom ettirishini ta’kidlab, NATO Ukraina bilan birga ekanligini va qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha u bilan turishini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Stoltenbergning aytishicha, NATO Ukraina mojarosida ishtirok etmaydi, biroq alyansning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynaydi.
Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga ko‘ra, yuqoridagi so‘zlari bilan Stoltenberg NATO allaqachon bu urushga kirganini tasdiqlagan.
“Norvegiyalik halol yigit nihoyat buni tan oldi”, deb yozadi Medvedev