NATO sharqqa kengayishdan voz kechmagan – Stoltenberg
Olam
−
20 fevral 2022
7662NATO davlatlari alyansni sharq tomon kengaytirishdan voz kechishga rozi bo‘lmagan. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi.
“Barcha 30 a’zo davlat NATOda qo‘shma qaror qabul qiladi. NATO davlatlari NATO ta’sis shartnomasida — Vashington shartnomasida yozilgan narsadan voz kechishga rozi bo‘lgan bunday qaror yo‘q”, degan Stoltenberg Germaniya telekanaliga bergan intervyusida.
1949 yilda Vashingtonda 12 davlat (Belgiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Islandiya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, AQSH va Fransiya) Tashqi ishlar vazirlari “Shimoliy Atlantika mintaqasida farovonlikni oshirish va barqarorlikni mustahkamlash” maqsadida Shimoliy Atlantika shartnomasini imzolagan. Hujjatning 10-moddasiga ko‘ra, kelishuv tomonlari umumiy kelishuvga ko‘ra Yevropaning istalgan boshqa davlatiga ittifoqqa qo‘shilish taklifini kiritishi mumkin.
Joriy yilning 18 fevral kuni “Der Spiegel” nashri arxiv hujjatlariga tayanib, G‘arb davlatlari haqiqatan ham 1991 yilda Sovet Ittifoqi rahbariyatiga NATOni sharqqa kengaytirmaslikka va’da bergani haqida xabar berdi. Ta’kidlanishicha, dastlab bu hujjat “maxfiy” deb tasniflangan. Unda 1991 yil 6 martda Bonnda bo‘lib o‘tgan AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Tashqi ishlar vazirliklari vakillarining uchrashuvi haqida so‘z boradi.
Xususan, AQSHning o‘sha paytdagi vakili Raymond Zayts:
“Biz Sovet Ittifoqiga “Ikki plyus to‘rt” muzokaralarida ham, boshqa muzokaralarda ham NATO na rasman, na norasmiy ravishda sharqqa kengaytirilmasligi kerakligini aytdik”, degan.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yil oxirida Rossiya AQSH bilan shartnoma va NATO bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv loyihalarini chop etdi. Xususan, Moskva o‘zining g‘arblik hamkorlaridan NATOning sharqqa tomon kengayishi, Ukraina blokiga qo‘shilishi va postsovet mamlakatlarida harbiy bazalar o‘rnatishdan bosh tortishning huquqiy kafolatlarini talab qilmoqda. Takliflarda, shuningdek, NATOning zarba beruvchi qurollarini Rossiya chegaralari yaqinida joylashtirmaslik va Sharqiy Yevropadagi ittifoq kuchlarini 1997 yilgi pozitsiyalarga olib chiqish to‘g‘risidagi band ham bor.
LiveBarchasi