NATO sharqiy qanotni mustahkamlashda muvaffaqiyatga erishdi – OAV 

Olam

image

NATO sharqiy qanotni mustahkamlashda muvaffaqiyatga erishganini e’lon qildi — Slovakiya, Vengriya, Ruminiya va Bolgariyadagi to‘rtta yangi ko‘p millatli jangovar guruhlar harbiy tayyorgarlikning birinchi darajasiga yetgan. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi vakiliga tayanib, DPA agentligi xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, dastlab NATO sharqiy qanotda tuzilgan jangovar guruhlarning aniq tarkibi va soni haqida xabar bermagan. 

Biroq, nashrning yozishicha, joriy yil 21 martdagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda Slovakiyada Germaniya, Niderlandiya, Chexiya va AQSH kabi mamlakatlardan 2100 nafar askar bo‘lgan. Vengriyada Xorvatiyadan 800 nafar, Bolgariyada AQSHdan 900 nafar, Ruminiyada esa Fransiya, Belgiya, Italiya va AQSHdan 3300 nafar askar joylashtirilgan. 

Ta’kidlanishicha, yangi jangovar guruhlar Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida jilovlash va mudofaa qobiliyatini yanada oshirishga qaratilgan. Agentlikka ko‘ra, shu paytgacha NATOning doimiy ko‘p millatli bo‘linmalari faqat Boltiqbo‘yi davlatlari — Estoniya, Latviya va Litvada, shuningdek, Polshada bo‘lgan. 

Odatda, bunday jangovar guruhlar soni 1000 dan 1200 gacha askarni tashkil qiladi, biroq oxirgi paytlarda Ukrainadagi voqealar tufayli ularning soni sezilarli darajada oshgan. 

NATOning mart oyi oxirida bo‘lib o‘tgan favqulodda sammiti yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus operatsiyasiga” javoban NATO Yevropada qo‘shimcha to‘rtta ko‘pmillatli jangovar guruhlar tuzadi. Hujjatda qayd etilishicha, “Rossiyaning harakatlariga javoban NATO mudofaa rejalari faollashtirildi, NATO javob kuchlari elementlari joylashtirildi va NATOning sharqiy qanotiga 40 ming askar joylashtirildi”. 

Bundan tashqari, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyada qo‘shimcha to‘rtta ko‘p millatli jangovar guruhlar tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, alyansning qadamlari “ogohlantiruvchi, mutanosib va   inqirozni kuchaytirishga qaratilmagani” ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

253

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing