NATO sharqiy qanotga 40 ming kishilik jangovar guruh joylashtirmoqchi
Olam
−
24 mart 2022
12388NATO Rossiya Qurolli Kuchlarining Ukrainadagi maxsus operatsiyasiga javoban Yevropada qo‘shimcha to‘rtta ko‘pmillatli jangovar guruhlar tuzadi. Bu alyansning favqulodda sammiti yakunlari bo‘yicha bayonotida aytiladi.
“Biz Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyada to‘rtta qo‘shimcha ko‘p millatli jangovar guruhlarni tashkil qilamiz. Biz barcha mintaqalarda hamda kompleks yondashuv bilan barcha ittifoqchilarning xavfsizligi va himoyasini ta’minlash uchun barcha zarur choralar va qarorlarni qabul qilmoqdamiz”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, hujjatda alyans qadamlari “profilaktik, mutanosib bo‘lib qolishi va inqirozni kuchaytirishga qaratilmagani” ta’kidlanadi.
NATO sharqiy qanotga 40 000 askarni va javob kuchlari elementlarini joylashtirdi.
Bosh kotib Yens Stoltenbergga ko‘ra, alyans o‘zining sharqiy qanotidagi harbiy ishtirokini doimiy ravishda oshiradi, shuningdek, havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini mustahkamlaydi.
“NATO yetakchilari xavfsizlikning yangi voqeligiga javob berish uchun uzoq muddatda tiyilish va mudofaani qayta boshlashga kelishib oldilar. Quruqlikda biz alyansning sharqiy qismida sezilarli darajada ko‘proq qo‘shinlarga ega bo‘lamiz, ular yuqori darajadagi tayyorgarlikda bo‘ladi, biz ko‘proq texnikani joylashtiramiz va jihozlar omborlarini yaratamiz. Havoda biz ko‘proq samolyotlarni joylashtiramiz va integratsiyalashgan havo va raketaga qarshi mudofaa tizimini mustahkamlaymiz. Dengizda biz doimiy ravishda zarba beruvchi samolyot tashuvchi guruhlar, suv osti kemalari va harbiy kemalarni joylashtiramiz. Shuningdek, biz kiber himoyamizni va mashqlarni kuchaytiramiz”, deydi Stoltenberg.
Qayd etilishicha, barcha tafsilotlar joriy yilning iyun oyida Madridda bo‘lib o‘tadigan sammitda hal qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATOning favqulodda sammiti yakunida alyansga a’zolar Ukrainaga qo‘shin yubormaslikka kelishib oldilar. Ammo NATO Ukrainani kimyoviy, biologik va yadroviy qurollardan, shuningdek, kibermudofaadan himoya qilish uchun uskunalar beradi.