NATO Rossiya biqinida harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
03 may 6500 2 daqiqa
Bugun, 3 maydan 23 maygacha Litvada NATOning “Griffin Lightning 2025” nomli xalqaro harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Litva Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, eng ko‘zga ko‘rinadigan bosqich bugun, 3 may kunidan boshlanadi – Germaniyaga tegishli harbiy vertolyotlar Litva havo hududida, kunning yorug‘ va qorong‘i paytlarida past balandlikda parvoz qiladi. Mazkur mashg‘ulotlar uchun Germaniya harbiy aviatsiyasi Litvaga ko‘chirilmoqda.
Mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun Litvaga taxminan 30 ta Germaniya harbiy vertolyoti yuboriladi. Ular – TIGER jangovar vertolyotlari, NH90 transport vertolyotlari, CH-53 og‘ir transport vertolyotlari hamda EC135 yengil ko‘p maqsadli vertolyotlari.
Ular Litvaning katta qismini, shu jumladan, chegaraga yaqin hududlarni ham qamrab olgan holda uchadi. Ayrim parvozlar juda past balandlikda – taxminan 150 metrda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, “Griffin Lightning 2025” mashg‘ulotlari NATOning “Shimoli-Sharqiy Ko‘p Millatli Korpusi” (Multinational Corps Northeast) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy bosqichlari Litva, Latviya, Polsha va Estoniya hududlarida o‘tadi. Mashg‘ulotlarning maqsadi NATOning mintaqadagi mudofaa rejalarini amaliyotda sinovdan o‘tkazish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO davlatlari – Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiya o‘z harbiy xizmatchilarini Kosovoga qayta yuborib, tinchlikparvar missiyada ishtirokini tiklagandi. Ushbu davlatlarning harbiy kontingentlari missiya shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan bayroq ko‘tarish marosimida rasmiy ravishda kutib olingan.
Live
Barchasi