NATO Kosovodagi harbiy ishtirokini kuchaytiradi
Olam
−
25 aprel 3279 1 daqiqa
Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiya o‘z harbiy xizmatchilarini Kosovoga qayta yuborib, tinchlikparvar missiyada ishtirokini tikladi. Bu haqda NATOning Kosovodagi tinchlikni qo‘llab-quvvatlash kuchlari – KFOR bayonot berdi.
KFOR bayonotiga ko‘ra, ushbu davlatlarning harbiy kontingentlari missiya shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan bayroq ko‘tarish marosimida rasmiy ravishda kutib olingan. KFOR qo‘mondoni, general-mayor Enriko Barduani yangi harbiy xizmatchilarning kelganidan mamnunligini bildirib, missiya tarkibining kengaytirilishi Kosovoda barqaror xavfsizlik va mintaqadagi izchil tinchlikka bo‘lgan umumiy va qat’iy sadoqat ifodasi ekanini ta’kidlagan.
“KFOR o‘zining barcha xalqlar va jamoalar uchun xavfsiz va barqaror muhitni ta’minlash bo‘yicha missiyasini davom ettirmoqda”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, KFOR kuchlari 1999 yil 12 iyunda BMT Xavfsizlik Kengashi mandati asosida ish boshlagan bo‘lib, hozirda NATO a’zolari va unga kirmaydigan davlatlar vakillari bo‘lgan 29 mamlakatdan 4 500 dan ortiq harbiy xizmatchilarni o‘z ichiga oladi. Endilikda bu guruh tarkibiga Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiya ham qo‘shildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO a’zo davlatlarining suvosti infratuzilmasini himoya qilish maqsadida Boltiq dengizida yangi patrul operatsiyasini ishga tushirgandi. Ushbu missiya doirasida fregatlar va dengiz patrul samolyotlari jalb qilingan.
Live
Barchasi