NATO navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazyapti. Masala jiddiy
Olam
−
04 yanvar 2022
14753NATOga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari joriy yilning yanvar kuni kuni navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida harbiy qudratini oshirish masalasini muhokama qiladi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi Matbuot xizmati xabar berdi.
Videokonferensiya orqali o‘tkaziladigan uchrashuvda vazirlar kengroq kontekstda Yevropa xavfsizligini, shuningdek, Ukraina bilan chegarada Rossiya harbiy kontingentining to‘planishi fonida alanga olayotgan xalqaro keskinlikni muhokama qiladilar.
Alyansga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi 10 yanvar kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSH va Rossiya o‘rtasidagi uchrashuv arafasida bo‘lib o‘tishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, 12 yanvar kuni Rossiya-NATO kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, unda uzoq vaqtdan so‘ng ikki tomon o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yiladi.
Shundan so‘ng, 13 yanvar kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Rossiya, Ukraina, AQSH va Yevropa davlatlari vakillari ham ishtirok etadi.
2021 yil 30 noyabr kuni Rigada bo‘lib o‘tgan NATOga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining so‘nggi yig‘ilishida yig‘ilish ishtirokchilari Rossiyaga bir qator ogohlantirishlar bilan chiqishgandi.
Eslatib o‘tamiz, ikki davlat o‘rtasidagi chegara bilan bog‘liq jiddiy ziddiyatlar 2014 yil Ukrainaga qarashli Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi ortidan alanga olgandi. 2013 yil ukrain xalqi, Prezident Yanukovichni Rossiyaga sotilganlikda va Rossiya bosimi ostida g‘arb bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni uzishga urinayotgalikda ayblab, davlat to‘ntarishi o‘tkazgandi. Norozilik aksiyalari o‘tkazilishi ortidan mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida jiddiy to‘siqlar vujudga kelgan.
Yevropa ommaviy axborot vositalari va AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya o‘zining G‘arbiy chegara hududida 175 ming askar to‘plamoqda. Xalqaro hamjamiyat esa buni Ukrainaga tahdid sifatida baholamoqda.
Germaniyaning “Bild” gazetasi hatto Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun ikkita hujum rejasini ishlab chiqqani haqida xabarlar tarqatdi. Nemis nashri hujum 2022 yil boshida amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
LiveBarchasi