NATO kuchayadi, bu abadiy – Bayden

Olam

image

NATOning kengayishi hech bir davlatga tahdid solmaydi va Shimoliy Atlantika alyansi mudofaa xarakteriga ega. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo va Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ta’kidladi.

Ularning uchrashuvining asosiy mavzusi Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun arizalari bo‘ldi. Bayden NATOdagi mamlakatlarning intilishlarini ma’qullab, bu mudofaa ittifoqi ekanligini ta’kidladi.

“Yangi davlatlarning NATOga kirishi uchinchi davlatlar uchun xavf tug‘dirmagan va hech qachon xavf tug‘dirmaydi…NATO kuchayadi, bu abadiy”, deydi Bayden.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har ikki davlat ham alyansga yangi a’zolarni qabul qilish mezonlariga javob beradi – ular kuchli armiya, shaffof iqtisodiyot va demokratik institutlarga ega.

“Men ushbu buyuk demokratik davlatlar va ikki o‘ta qobiliyatli hamkorning jahon tarixidagi eng kuchli mudofaa ittifoqiga qo‘shilish istagini qo‘llab-quvvatlayotganimdan g‘ururlanaman”, deydi AQSH Prezidenti.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

56

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing