NATO Xitoyga qarshi kurashish uchun milliard dollardan ko‘proq sarflamoqchi
Olam
−
25 Sentabr 2023
4646NATO innovatsion jamg‘armasi blokning texnologik imkoniyatlarini mustahkamlash va Xitoyga qarshi kurashish uchun mudofaa startaplarini rivojlantirishga 1 milliard yevro (1,1 milliard AQSH dollar) ajratmoqchi. Loyihada alyansning 23 davlati allaqachon ishtirok etyapti. Bu haqda “Financial Times” xabar beradi.
NATO Bosh kotibi yordamchisi Devid van Vilga ko‘ra, alyansda, ayniqsa Yevropada yuqori texnologiyali yechimlarni ishlab chiqish uchun venchur kapitali yetishmaydi.
“Biz ushbu kompaniyalar sarmoya qidirib xitoylik investorlarga bormasliklari uchun ko‘proq kapital taqdim qilmoqchi edik”, deydi u.
Van Vilning so‘zlariga ko‘ra, blokning 23 ta davlati o‘tgan yili yaratilgan 1 milliard yevro jamg‘armaning ishtirokchisiga aylangan, biroq Qo‘shma Shtatlar hali ham bu tashabbusga qo‘shilmagan.
Manbaga ko‘ra, Niderlandiyada joylashgan jamg‘arma sun’iy intellekt, shuningdek, kosmik va biotexnologiyalardan foydalangan holda loyihalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. U harbiy qurollarni yaratish va ishlab chiqarish uchun startaplarga sarmoya kiritishni nazarda tutmaydi. Jamg‘armaning bildirishicha, mazkur loyihaning asosiy yo‘nalishi yangi texnologiyalarni joriy etish va alyansga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirliklari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishga qaratiladi.
Joriy yilning avgust oyi boshida Shvetsiya hukumati alyansga rasman qo‘shilganidan keyin NATO innovatsion jamg‘armasida qatnashish niyatini e’lon qildi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, qirollikning jamg‘armaga qo‘shgan hissasi 1 milliard yevroni tashkil qiladi.
LiveBarchasi