NATO Bosh kotibi o‘zgardi

Olam

image

NATOning navbatdagi Bosh kotibi etib Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte tayinlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ryutte nomzodi kecha, 20 iyun kuni alyansning barcha 32 a’zosi tomonidan ma’qullangan, biroq rasmiy tasdiq faqat iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATOning navbatdagi sammitida olinadi. U vakolati oktyabr oyida tugaydigan amaldagi Bosh kotib Yens Stoltenberg o‘rniga tayinlandi.

Uning yagona raqibi, Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis o‘z nomzodini qaytarib olishi haqida ittifoq mamlakatlariga ma’lum qildi va davrani golland uchun bo‘shatib berdi. 57 yoshli Ryutte bu lavozimni davom etayotgan Rossiya-Ukraina mojarosi, shuningdek, agar Donald Tramp o‘z lavozimiga qaytsa, moliyalashtirish qisqarishi va AQSHning tashkilotdagi roli qisqarishi mumkin bo‘lgan og‘ir sharoitda egallaydi.

Ryutte Niderlandiya siyosatini tark etishini e’lon qilganidan keyingina alyansning yuqori lavozimiga tayinlana oladi. U o‘tgan yil iyul oyida, hukmron koalitsiya parchalanganidan so‘ng, hozirgacha muvaqqat hukumatni boshqarishda davom etishiga va’da bergan, biroq yana saylovda qatnashish niyatida emas edi. Niderlandiyada joriy yilning may oyi oxirida bo‘lib o‘tgan umumiy saylovlardan so‘ng yangi koalitsiya tuzilgan edi. Uni tuzgan to‘rtta partiya Dik Shufning Bosh vazirlikka nomzodi bo‘yicha kelishib, Ryuttening iste’foga chiqishiga imkon bermoqda.

Nashrning yozishicha, Ryuttening nomzodi Yevropa siyosatining yuqori pog‘onasidagi 14 yillik faoliyati va Ukrainani doimiy qo‘llab-quvvatlagani inobatga olingan holda, NATOning aksariyat mamlakatlarida, jumladan, alyansning asosiy a’zolari – AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyada ijobiy qabul qilingan.

Biroq dastlab uch davlat Turkiya, Vengriya va Ruminiya potensial rahbarga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirgandi va bu nomzodga qarshi edi. Mark Ryutte esa norozi tomonlar bilan birma-bir konsensusga erishish yo‘lidan bordi.

U dastlab, shu yilning aprel oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan suhbatlashish uchun uning huzuriga shaxsan borganidan so‘ng rasmiy Anqara o‘z e’tirozlarini qaytarib oldi va Ryuttega imkon berishga qaror qildi. Vengriya bilan esa vaziyat biroz murakkabroq edi. Biroq 18 iyun kuni Niderlandiya Bosh vaziri Vengriya hukumatidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni talab qilmasligiga va’da berganidan keyin Budapesht ham o‘zining bu boradagi dastlabki pozitsiyasini o‘zgartirdi. Ruminiya bilan barchasi juda silliq kechdi. Mamlakat Prezidenti Klaus Yoxannis o‘z nomzodini qaytarib olgandan so‘ng, Ruminiya Mudofaa kengashidan Ryutteni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi va bu amalga oshdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Mark Ryutte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing