NATO bosh kotibi Afg‘onistonning qulashiga nima sabab bo‘lganini aytdi
Olam
−
11 Sentabr 2021
8325Mahalliy hokimiyatning qulashi natijasida Afg‘oniston “Tolibon” harakati qo‘liga o‘tdi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi.
“Biz siyosiy va harbiy rahbariyatning qulashiga guvoh bo‘ldik, bu esa “Tolibon”ga qarshi butun mudofaa inqiroziga olib keldi”, degan u “The New York Times” nashriga.
AQSH va NATOning chiqib ketishi Afg‘onistonning qulashini tezlashtirgan bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Stoltenberg bu savol tadqiqotchilar tomonidan tahlil qilinadigan mavzu bo‘ladi, deb javob bergan.
“Men uchun asosiy vazifa — terrorizmga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni saqlab qolish va odamlarni Afg‘onistondan olib chiqish”, deya qo‘shimcha qilgan bosh kotib.
U, shuningdek Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashgan holda qaror qabul qilganini qayd etgan.
Stoltenbergga ko‘ra, alyansning boshqa a’zolari AQSHsiz operatsiyani davom ettira olmasdi.
“Bu variant haqiqatdan yiroq edi”, degan u.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi