NATO a’zolarining yarmi Ukrainani alyansga taklif qilishga tayyor – Kiyev
Olam
−
26 iyun 2023
4417Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida kamida 15 davlat Kiyevning alyansga qo‘shilishi bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilishga tayyor. Bu haqda Ukraina Bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina ma’lum qildi.
“Agar biz 30 balli yoki 31 balli shkala bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak (gap NATOga a’zo davlatlar soni haqida ketmoqda), unda kamida 15 ball bunday qaror zarurligini aniq tushunadigan davlatlar uchundir”, degan Olga Stefanishina Kiyevning sammitdan umidlarini qondirishga qancha davlatlar tayyor ekani haqidagi savolga javob berar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vilnyusda Ukrainani alyansga a’zolikka siyosiy taklif qilish bo‘yicha qaror qabul qilinishi va muddat esa hozircha muhokama qilinmasligi kerak. Stefanishinaning fikricha, alyansning barcha davlatlari, umuman olganda, Kiyevni qo‘llab-quvvatlaydi va ittifoqchilarning kamida yarmi bo‘lajak sammitda Ukrainani NATOga taklif qilish qarorining strategik ahamiyatini aniq anglaydi.
Aytish joizki, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainaning mojaro vaqtida tashkilotga kirishi mumkin emasligini, alyans davlatlari va Kiyev buni tushunishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, blokning Vilnyusdagi sammitida Ukrainani alyansga yaqinlashtirish, Ukraina-NATO kengashini tuzish va Kiyev rasmiylariga harbiy ta’minotning ko‘p yillik dasturini ta’minlash rejalashtirilgan. O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATOga qo‘shilish taklifining yo‘qligi mamlakat qurolli kuchlarini demotivatsiya qilishini bildirgan.
LiveBarchasi