NATO hali Finlyandiyada jangovar guruhlarni joylashtirishni rejalashtirmayapti – “Bloomberg”
Olam
−
05 aprel 2023
4121NATO rahbariyati hozirda Finlyandiyada ittifoqning jangovar guruhini joylashtirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda “Bloomberg” agentligi blokdagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat o‘z hududini himoya qilish bo‘yicha allaqachon imkoniyat va katta tajribaga ega.
AQSH hukumatidagi manbaning agentlikka ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Finlyandiyada jangovar guruhni joylashtirishni ham rejalashtirmaydi.
Uning qayd etishicha, Xelsinki NATOga bunday iltimos bilan murojaat qilmagan. Shu bilan birga, alyansdagi manba NATO qo‘mondonligi doimiy ravishda tahdidlarni baholab borishini va agar zarur deb hisoblasa, (guruhlarni joylashtirish bo‘yicha) bunday tavsiyani berishi mumkinligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Finlyandiya blokka qo‘shilganidan keyin Rossiyaning alyans bilan umumiy chegarasi 1300 km ga oshadi. Finlyandiya 2022 yil may oyida Shvetsiya bilan birgalikda NATOga qo‘shilish uchun ariza bergan. Finlyandiya a’zoligini oxirgi bo‘lib tasdiqlagan Turkiya hamon Shvetsiya qirolligining alyansga kirishini bloklashda davom etmoqda, chunki Stokgolm Turkiyada terrorizmda ayblangan qochoqlarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha Anqaraning barcha talablarini bajarmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 aprel kuni Finlyandiya NATO safiga rasman qabul qilindi. Alyansning Bryusseldagi qarorgohida ilk bor Finlyandiya bayrog‘i ko‘tarildi.