NASA SLS raketasida “Artemis” missiyasini Oyga uchirdi
Olam
−
16 noyabr 2022
4337Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) “Artemis” oy dasturining birinchi bosqichi doirasida Orion kosmik kemasi bilan Space Launch System (SLS) o‘ta og‘ir raketa-tashuvchisini uchirdi. Translyatsiya NASA saytidan olib borilmoqda.
Raketa Floridadagi Jon Kennedi nomidagi kosmik markaz joylashgan hududdan mahalliy vaqt bilan soat 01:47 da (Toshkent vaqti bilan 11:47) uchirilgan. Kosmik kemaning uchuvchisiz parvozi 26 kun davom etishi kutilyapti.
Orion Oy atrofida ikki marta aylanib, keyin Yerga qaytib, Tinch okeaniga tushishi kerak. “Orion” bortida uchta maneken bor, ular, xususan, parvoz paytida radiatsiya darajasini o‘lchash uchun ishlatiladi.
Dastlab parvoz yozda amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi, biroq NASA mutaxassislari dastlab raketa dvigatellaridan birida vodorod sizib chiqishiga duch kelishdi. Keyin Florida shtatiga bir nechta dovullar yopirildi. Bu NASA mutaxassislarini 2021 yildan beri yig‘ilgan raketani yomon ob-havodan himoya qilish uchun uni angarga qaytarishga majbur qildi.
NASA 2019 yil bahorida “Artemis” deb nomlangan astronavtlarni Oyga qo‘ndirish dasturi uch bosqichni o‘z ichiga olishini e’lon qildi. Birinchisi, Orion kosmik kemasining yangi Space Launch System raketasi yordamida koinotga uchirilishi bo‘lib, u uchuvchisiz rejimda Oy atrofida bir necha marta aylanib, Yerga qaytadi. Ikkinchisi, bortda ekipaj bilan Yerning tabiiy yo‘ldoshi atrofida parvoz qilish. Uchinchi bosqichda NASA 2025 yilga borib astronavtlarni Oyga olib chiqib, 2030-yillarning o‘rtalarida ularni Marsga jo‘natishni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi