NASA marsoxodi Marsdagi sirli qoyalarni suratga oldi

Bu qiziq

−

image

NASA’ning Curiosity marsoxodi Marsdagi shamol ta’sirida shakllangan g‘ayrioddiy qoyalarni ertalabki tabiiy yorug‘likda suratga oldi. Bu haqda “Naked Science” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, panorama joriy yilning 11 avgust kuni marsoxodning Mastcam kamerasi orqali olingan. U oltita alohida tasvirni birlashtirish orqali yaratilgan. Suratni qayta ishlashda oq balansdan foydalanilmagani sababli Mars manzarasining ertalabki tabiiy ko‘rinishini saqlab qolishga erishilgan.

Tasvirda old qismdagi ko‘kimtir tuslar va ufqda joylashgan qoyalar yaqqol ko‘rinadi. Ushbu qoyasimon tuzilmalar shamol eroziyasi ta’sirida shakllangan.

Ma’lum qilinishicha, qoyalar qatlami Sharp tog‘ining shimoli-g‘arbiy qismida qariyb 16 kilometr masofaga cho‘zilgan. Balandligi taxminan 5 kilometr bo‘lgan ushbu tog‘da Curiosity marsoxodi 2014 yildan buyon tadqiqot olib bormoqda. Yaqinda marsoxodning harakatlanish yo‘nalishidagi balandlik farqi bir kilometrga yetgan. Bu Marsdagi marsoxodlar erishgan eng katta balandlik ko‘rsatkichidir.

Olimlar yardanglarga yaqinlashgan sari ularni yanada yaqindan suratga olish va g‘ayrioddiy tuzilmalar qanday shakllanganini aniqlashni rejalashtirmoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, Sharp tog‘idagi turli qatlamlar Marsning qadimgi tarixi, jumladan, sayyorada mavjud bo‘lgan ko‘llar va suv oqimlari haqida ma’lumot beradi.

Vaqt o‘tishi bilan suv qurib, tuzli minerallarni qoldirgan. Keyinchalik shamol tog‘dagi ayrim qatlamlarni yemirib, yardanglarning shakllanishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda Curiosity o‘zining beshinchi kengaytirilgan missiyasini amalga oshirmoqda. Kelgusi davrda marsoxod sulfat va karbonatlarga boy qatlamlarni o‘rganadi. Bu minerallar Mars sirti qadimda qurib borganidan dalolat berishi mumkin.

Olimlar 2027 yil davomida marsoxod qoyalar joylashgan hududning asosiga yetib borishini kutmoqda. U yerda Curiosity robotlashtirilgan qo‘li yordamida ushbu sirli geologik tuzilmalarni bevosita o‘rganishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Spirit” marsoxodi tomonidan 2007 yilda olingan Mars yuzasining surati internetda virusli tarzda ommalashgandi. Unda foydalanuvchilar odamga o‘xshash sirli figurani payqab qolgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing