Narxi qancha qovunni ayting? Toshkentda propiskasi yo‘qlar o‘qi(ma)sin!

Jamiyat

image

O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zosi Ulug‘bek Pirmuhammedov doimiy ro‘yxatda viloyatda turuvchi shaxslar poytaxt Toshkentga kelishdan avval, o‘z hududidagi inspektor ro‘yxatidan o‘tishi kerak, deb hisoblaydi. Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Pirmuhammedov shunday fikr bildirdi:

“Fikrimizcha, fuqaro Toshkentga kelishidan oldin o‘zining hududidagi inspektordan ro‘yxatdan o‘tishi maqsadga muvofiq. Shunday tizim joriy etilsa, Toshkentda muammolarga uchrashining oldi olinadi”.

Uning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy tanqidga uchradi va rezonans keltirib chiqardi. Shundan so‘ng, u o‘z so‘zlariga izoh berdi. Pirmuhamedov ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlarga murojaat qilarkan, bildirgan fikri birinchi navbatda shaxsiy mulohaza ekani va partiyaga aloqador emasligini qayd etdi. 

"Avvalambor, men propiska tizimiga qarshiman. Endi shaxsiy taklifimga e’tibor bersak, taklifim shundan iboratki, viloyatlardan ishlash maqsadida kelayotgan hamyurtlarimiz ma’lum bir muammolarga uchrayotgani to‘g‘risida bir qancha mavzular ko‘tarildi. Aynan Xalqaro press klub bosh prodyuseri G‘ulomjon Samadov ko‘rsatuvida hamyurtlarimizni ishlab turgan joyida profilaktika inspektorlari tomonidan jarimaga tortilayotgani to‘g‘risida fuqarolar murojaati o‘qib eshittirildi. Uch kun ichida ro‘yxatga qo‘ymasa qonuniy chora ko‘rish kerakligi to‘g‘risida aytib o‘tildi.

Bu muammolar to‘g‘risida mendan ko‘ra siz yaxshiroq bilasiz. Sababi OAV vakillari xalq bilan o‘zaro doimiy muloqotda. Kerak bo‘lsa, biz ham siz orqali eshitamiz ba’zi muammolarni. Men ishtirokchi sifatida shaxsiy fikrimni bildirganimda, yaqinlarimiz zarurat yuzasidan ishlash maqsadida kelayotgan bo‘lishi mumkin. Ular ma’lum muddatga kelishsa-da, biz bu yerda ularga ro‘yxatdan o‘t deb tursak, bu odamlar uchun adolatsizlik bo‘lmaydimi?

Propiska masalasi juda ko‘p marta ko‘tarilgan. Ayniqsa, blogerlarning kanallarida to‘liq yoritib berilgan. O‘z fikrimni to‘liq aytib berish imkon bo‘lmadi, lekin qisqacha aytib o‘tsam. Men propiska to‘g‘risida emas, balki onlayn ro‘yxat, qulaylik va xavfsizlikni yaratish maqsadida taklif qildim. Toshkentga kelayotgan qadrdonlarimiz yashab turgan hududlaridagi inspektorlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tishsa, Toshkentda muammolarga duch kelmasligi uchun onlayn ro‘yxat olinsa va bu ro‘yxat, ya’ni onlayn portal dasturi orqali aks etsa, PPS tomonidan ko‘chadan ushlab ketish holatlari kuzatilganda, bu dastur hamyurtlarimiz huquqini himoya qiluvchi vosita vazifasini bajarardi. Balki shunda hamyurtlarimiz noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo qaysidir ma’noda o‘z yechimini topar edi. Taklifda qiyinchiliklarga duch kelayotgan hamyurtlarimizni kamsitish nazarda tutilmagan, balki ularning huquqini himoya qilish va ularga sharoit yaratish maqsadi bor edi. Vaholanki, hech birimizning haqqimiz yo‘q mahalliychilik qilishga, hammamiz teng huquqli fuqoromiz. Axir O‘zbekiston Respublikasida bitta yashil pasport bor. Fikrlarimni boshqacha talqin qilmaslikni so‘rar edim”, deydi Ekologik partiya vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ezgulik – bu to‘liq ayta olmagan so‘zlardan emas, balki niyatlarga qarab baholanishi kerak.

P.S.: Hammasi ham mayli-ku, ammo partiya a’zosining saylov oldi bunday “qovun tushirishi” uning izdoshlari foydasiga bo‘lmasligi aniq. Bir jihatdan, Ulug‘bek Pirmuhammedovga katta rahmat! Axir, saylovoldi o‘z nomzodini ilgari surayotgan siyosatdonlar qop-qop va’da berib, keyin unutishardi. U hech bo‘lmasa avvalboshidan borini aytdi-qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

propiska Ekologik partiya Ulug'bek Pirmuhammedov

Baholaganlar

526

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing