Narishkin O‘zbekistonga kelib, Azizov bilan razvedka masalasida gaplashib ketdi
Olam
−
01 noyabr 2023
19081Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX) direktori Sergey Narishkin kecha, 31 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif davomida, u, mamlakat Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov bilan xalqaro terrorizmga qarshi kurash va razvedka ma’lumotlari almashinuvi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda TRX matbuot byurosi xabarida aytiladi.
“Xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, keng ko‘lamli mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha razvedka ma’lumotlari almashinuvi, shuningdek, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi imkoniyatlarni mustahkamlash sohasidagi muvofiqlashtirilgan faoliyatga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Tashqi razvedka xizmatining bildirishicha, muzokaralarda tomonlar ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy masalalarini ko‘rib chiqqan va kelgusi davr uchun hamkorlikdagi ishlarning istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
“Uchrashuv ishtirokchilari Rossiya va O‘zbekiston milliy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan idoralar o‘rtasidagi hamkorlikning konstruktiv va o‘zaro manfaatli ekanligini alohida ta’kidladilar. Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojlanishini baholashda, shuningdek, ikki davlat xavfsizligiga bevosita daxldor bo‘lgan qator masalalar bo‘yicha bir-birining fikrini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Sergey Narishkin va Abdusalom Azizov do‘stlik razvedka xizmatlari oldida turgan muammolarni samarali hal etish maqsadida muntazam va mazmunli muloqotni davom ettirish tarafdori ekanini bildirgan. Tadbir yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi DXX Narishkinning tashrifi va undagi kelishuvlar haqida rasmiy axborot bergani yo‘q.