Nargiz Zokirova Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llayotganini tan oldi
Madaniyat-san’at
−
30 noyabr 2023
18086Ko‘p yillar Rossiyada istiqomat qilgan asli o‘zbekistonlik xonanda Nargiz Zokirova Rossiyada yana kun tartibida turibdi. Gap shundaki, kecha, 29 noyabr kuni prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) xonandaga Ukrainaning sobiq madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko nomidan qo‘ng‘iroq qildi.
Nargiz Zokirova suhbatda Ukraina Qurolli kuchlariga homiylik qilganini va Rossiya pasportini yoqishga tayyorligini tan olgan.
“Men urush boshlangan birinchi kundan Ukrainani qo‘llab kelyapman va nima bo‘lishidan qat’i nazar, uni oxirigacha qo‘llashda davom etaman. Bu mening shaxsiy urushim”, deydi u.
Shuningdek, xonanda Qrim haqidagi film uchun ijro etgan saundtreki va o‘zining sobiq prodyuseri bilan uzilgan aloqalari haqida gapirdi.
“Qrim filmining saundtrekiga qo‘yilgan qo‘shiq butunlay buyurtma edi. U meniki emas, muzokaralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Maksim Fadeyev bilan bo‘lib o‘tgan. Hozir esa biz u bilan munosabatlarni abadiy uzganmiz. Bunga bizda shaxsiy sabablar bor. Endi esa u Rossiyani juda faol qo‘llab-quvvatlamoqda”, deydi Nargiz.
U Maksim Fadeyev bilan ishlaganda boshidan kechirgan azob-uqubatlariga ham to‘xtalgan, xonandaning so‘zlariga ko‘ra, prodyuser hali ham butun dunyo bo‘ylab unga nisbatan intrigalar rejalashtirmoqda.
Suhbat davomida O‘zbekiston u uchun xavfli yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berar ekan, xonanda o‘zi tug‘ilgan vatanda Ukraina masalasiga yondashuvda bosim borligini va odamlar fikr bildirishga qo‘rqishini aytgan.
“O‘zbekistonda blogerlar avvaliga Ukrainani qo‘llagandi. Ammo bosim bo‘lgandan keyin neytral bo‘lib olishdi. O‘zbekistondagi odamlar hamma narsadan qo‘rqishadi. O‘z fikrlarini bildirishdan qo‘rqishadi”, deydi Nargiz.
Shuningdek, u, o‘zini AQSH vatanparvari ekanini ham urg‘ulagan.
“Men AQSHdan kelganman, men bu mamlakatning buyuk vatanparvariman. Agar iloji bo‘lsa, Zelenskiyga buyuk sevgimni yetkazing. Bu odam meni hayratlantiradi, uning har bir chiqishini kuzataman”, degan xonanda.
Ma’lumot o‘rnida, Nargiz Zokirova O‘zbekistonda taniqli musiqachilar oilasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov, Farrux Zokirov va Jamshid Zokirov uning tog‘alari.
1995 yilda esa Nargiz Zokirova ota-onasi bilan birgalikda AQSHga ko‘chib ketgan. 2013 yilda u Rossiyaning “Ovoz” (“Golos”) televizion loyihasida ikkinchi o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 24 may kuni Toshkentdan Moskvaga borgan xonanda Nargiz Zokirova Domodedovo aeroportida qo‘lga olindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati qabul qilgan qarorga ko‘ra, xonanda O‘zbekistonga qaytarilganidan so‘ng, Rossiya haqida keskin fikrlar bildirgani uchun 50 yilga – 2072 yilgacha Rossiyaga kirish huquqidan mahrum qilingan.
LiveBarchasi