“Men jiyanim uchun javob bermayman”. Zokirovlar yana e’tibor markazida
Jamiyat
−
01 dekabr 2023
31644Tog‘a jiyani uchun javob beradimi? Zokirovlar oilasi yana e’tibor markazida. Ko‘p yillar Rossiyada istiqomat qilgan asli o‘zbekistonlik xonanda Nargiz Zokirova yana bir mashmashaga sabab bo‘ldi.
Ko‘p yillar Rossiyada istiqomat qilgan asli o‘zbekistonlik xonanda Nargiz Zokirova Rossiyada yana kun tartibida turibdi. Gap shundaki, 29 noyabr kuni prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) xonandaga Ukrainaning sobiq madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko nomidan qo‘ng‘iroq qildi.
Nargiz Zokirova suhbatda Ukraina Qurolli Kuchlariga homiylik qilganini va Rossiya pasportini yoqishga tayyorligini tan olgan.
“Men urush boshlangan birinchi kundan Ukrainani qo‘llab kelyapman va nima bo‘lishidan qat’i nazar, uni oxirigacha qo‘llashda davom etaman. Bu mening shaxsiy urushim”, deydi u.
Shuningdek, xonanda Qrim haqidagi film uchun ijro etgan saundtreki va o‘zining sobiq prodyuseri bilan uzilgan aloqalari haqida gapirdi.
“Qrim filmining saundtrekiga qo‘yilgan qo‘shiq butunlay buyurtma edi. U meniki emas, muzokaralar to‘g‘ridan to‘g‘ri Maksim Fadeyev bilan bo‘lib o‘tgan. Hozir esa biz u bilan munosabatlarni abadiy uzganmiz. Bunga bizda shaxsiy sabablar bor. Endi esa u Rossiyani juda faol qo‘llab-quvvatlamoqda”, deydi Nargiz.
U Maksim Fadeyev bilan ishlaganda boshidan kechirgan azob-uqubatlariga ham to‘xtalgan, xonandaning so‘zlariga ko‘ra, prodyuser hali ham butun dunyo bo‘ylab unga nisbatan intrigalar rejalashtirmoqda.
Hech kimga sir emaski, Nargiz Zokirova O‘zbekistonda tug‘ilgan va hozir ham bu yerga tez-tez kelib turadi. Uning oila a’zolari ham shu yerda. Suhbat davomida O‘zbekiston u uchun xavfli yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berar ekan, xonanda bu yerda Ukraina masalasiga yondashuvda bosim borligini va odamlar fikr bildirishga qo‘rqishini aytgan.
“O‘zbekistonda blogerlar avvaliga Ukrainani qo‘llagandi. Ammo bosim bo‘lgandan keyin neytral bo‘lib olishdi. O‘zbekistondagi odamlar hamma narsadan qo‘rqishadi. O‘z fikrlarini bildirishdan qo‘rqishadi”, deydi Nargiz.
Xonanda O‘zbekistonda tug‘ildi, Rossiyada bir muddat yashadi, ammo Rossiya haqida keskin fikrlar bildirgani uchun 50 yilga – 2072 yilgacha Rossiyaga kirish huquqidan mahrum qilindi, hozirda esa xonanda Amerikada yashaydi. U bu haqda ham to‘xtalib, o‘zining AQSH vatanparvari ekanini urg‘ulagan.
“Men AQSHdan kelganman, men bu mamlakatning buyuk vatanparvariman. Agar iloji bo‘lsa, Zelenskiyga buyuk sevgimni yetkazing. Bu odam meni hayratlantiradi, uning har bir chiqishini kuzataman”, degan xonanda.
Ushbu suhbatdan so‘ng shu kunning o‘zidayoq uning sobiq prodyuseri Maksim Fadeyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Nargiz Zokirovaga qarshi o‘zining munosabatini bildirdi. Bunda u xonandani keskin qoraladi va uning tog‘asi – O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovni jiyanini amaliy qo‘llab kelayotganlikda aybladi.
“U men bilan bo‘lgan munosabatlarida bu qizil chiziqni ancha oldin bosib o‘tgandi. Ammo bu safar holat juda jiddiy. Men buni ekstremizm va ommaviy qotillikka chaqirish, deb bilaman. Bularning barchasi jamoatchilik oldida sodir bo‘lyapti”, deb yozdi Fadeyev.
Prodyuser so‘zida davom etarkan, Nargiz Zokirovaning xatti-harakatlari, Rossiyaga nisbatan qarshiligi va Ukrainaga xayrixohligi ortida uning tog‘asi – O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov turganini yozgan.
“Dasturni tomosha qilib, men ham siz kabi bularning barchasi ortida uning tog‘asi Farrux Zokirov turganini tushundim”, deydi u.
Bundan tashqari, Fadeyevning bildirishicha, Nargiz suhbatda turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston fuqaroligini olganidan so‘ng Rossiya pasportini yoqib yuborish niyati borligini bildirgan va Rossiya fuqarolari hamda mamlakat rahbariyatini haqorat qilgan. Fadeyev esa bularning ortida uning tog‘asi turganini aytmoqda.
“Men omma oldida ko‘tarmoqchi bo‘lgan bir masala bor: bu jiyanining tartibsizliklarini xaspo‘shlayotgan Farrux Zokirov mavzusi. U faol ravishda Rossiya Federatsiyasi bo‘ylab gastrollarda bo‘lib, shu yerda pul ishlab yuribdi”, deydi Fadeyev.
U o‘z munosabatida Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmatiga murojaat qilib, Farrux Zokirovning Rossiya hududidagi konsertlariga e’tibor qaratishni so‘ragan.
Oradan bir kun o‘tib esa, sayohatda bo‘lgani sababli voqealarni kech eshitgan “Yalla” guruhi rahbari Farrux Zokirov Fadeyevning ayblovlariga raddiya bildirdi. Uning ma’muri QALAMPIR.UZ'ga bergan munosabatga ko‘ra, xonanda faqat o‘zi uchun javobgar va jiyanining harakatlariga ta’sir o‘tkaza olmaydi.
“Shuni aytishim mumkinki, qarindoshlarimning so‘zlari va harakatlariga ta’sir qila olmayman. “Kimningdir ortida turibdi”, "harakatlarini himoya qiladi" degan nazariyalar mutlaq yolg‘on. Agar avvalgi lavozimimni (Madaniyat vaziri) shu voqeaga bog‘lamoqchi bo‘lsalar, men bu lavozimdan salkam 20 yil avval ketganman. Faqat “Yalla” ansambli ijodi bilan shug‘ullanaman – buni ham hamma ko‘rib turibdi. Men faqat o‘zim uchun javobgar bo‘lishim mumkin”, deydi qo‘shiqchi.
Shuningdek, xonanda Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining do‘stligi tarafdori ekanini qo‘shimcha qildi. Zokirovning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya jamoatchiligini yaxshi ko‘radi va bundan faxrlanadi.
“Rossiyadagi gastrolim haqida: men xalqlarimiz do‘stligi tarafdoriman. Rossiyadagi konsertlarimni hech qachon yashirmaganman, tomoshabinlarim bilan faxrlanaman va ularni yaxshi ko‘raman. Ushbu mavzu bo‘yicha boshqa izoh bo‘lmaydi va tushunishingizga umid qilaman”, deya qo‘shimcha qildi “Yalla” ansambli rahbari.
So‘nggi yangililarni QALAMPIR.UZ'da kuzatib boring. Munosabatingizni izohlarda qoldiring!
LiveBarchasi