Napoleonning 3 asrni ko‘rgan qilichi auksionda sotildi
Olam
−
27 may 6722 2 daqiqa
Fransiyalik imperator Napoleon Bonapartga (1769-1821) tegishli bo‘lgan va u tomonidan hokimiyat tepasidagi davrning boshidan to oxirigacha saqlab kelingan qilich auksionda sotildi. Bu haqda “Giquello” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qilich Parijdagi auksionda rekord darajada – 4,7 million yevroga sotilgan. Dastlab ushbu lot 700 mingdan 1 million yevrogacha baholangan.
Tarixiy qurolni Napoleon 1803 yilda Versal qurol ishlab chiqaruvchisi Nikola Noel Butega buyurtma qilgan. Bu qurolni imperator hukmronligining oxirigacha o‘zida saqlagan va so‘ng uni imperiyaning so‘nggi marshaliga – Emmanuel de Grushiga sovg‘a qilgan. Ushbu qilich keyinchalik Grushi oilasida avloddan avlodga saqlanib kelgan.
Ma’lumot uchun, Napoleonga tegishli buyumlarning auksionlari imperator vafotidan ikki asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Misol uchun, 2024 yilning iyulida uning 1814 yilgi taxtdan voz kechishidan oldin egalik qilgan ikkita to‘pponchasi auksionda 1,69 million yevroga sotilgan. Bundan tashqari, mart oyida Napoleonga tegishli bo‘lgan “Fuqarolik kodeksi”ning bir jildi 395 ming yevroga xarid qilingan.
Qayd etish joiz, Napoleon 1821 yilda surgunda, 51 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Titanik”dagi 700 nafar yo‘lovchini qutqarib qolgan kapitanga sovg‘a qilingan oltin cho‘ntak soati auksionda deyarli 2 million dollar (o‘zbek so‘mida 25 milliard 501 million 500 ming so‘m) ga sotilgandi.