Namibiyada 83 ta fil so‘yilib qiynalganlarga tarqatiladi – “Reuters”
Olam
−
27 avgust
7895Afrikaning janubi-g‘arbiy qismidagi Namibiya hukumati 723 ta yovvoyi hayvonni, shu jumladan 83 filni so‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrda yozilishicha, hukumat bu orqali hayvonlar go‘shtini Afrika janubida kuchli qurg‘oqchilik tufayli o‘zini boqishga qiynalayotgan odamlarga tarqatishni reja qilgan. Rasmiylar hayvonlar soni mavjud yaylovlar va suv zaxiralaridan oshib ketgan, deb hisoblagani uchun shu qarorga kelgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Afrika o‘n yillikdagi eng yomon qurg‘oqchilikka duch kelmoqda. Namibiyada joriy yilning iyul oyida oziq-ovqat zaxiralarining 84 foizi tugagan. Mamlakat aholisining deyarli yarmi yaqin oylarda oziq-ovqat xavfsizligining yuqori darajasini boshdan kechirishi kutilmoqda.
Namibiya Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining ta’kidlashicha, agar rasmiylar aralashmasa bunday kuchli qurg‘oqchilik sabab odamlar va yovvoyi tabiat o‘rtasida muammolar kuchayishi kutilmoqda.
“Shuning uchun aniqlangan muammoli hududlardan 83 ta fil so‘yiladi va go‘shti qurg‘oqchilikka qarshi kurash dasturiga ajratiladi. Shuningdek, mamlakatda 30 ta begemot va 60 bosh buffalo, shuningdek, 50 ta impala, 100 ta yovvoyi hayvonlar, 300 ta zebra yo‘q qilinishi rejalashtirilgan”, deyilgan xabarda.
Hozirga qadar 157 bosh hayvon professional ovchilar va davlat tomonidan shartnoma tuzgan kompaniyalar tomonidan ovlanib, 56 ming 800 kilogrammdan ortiq go‘sht olingan.
Ma’lumot uchun, Afrikaning beshta janubiy davlati - Zimbabve, Zambiya, Botsvana, Angola va Namibiyada tarqalgan qo‘riqxona hududida 200 mingdan ortiq fil yashaydi va mintaqa dunyodagi eng katta fil populyatsiyalaridan biri hisoblanadi.
LiveBarchasi