Namanganda vaksina olgan ayol falaj bo‘lib qolgani aytilmoqda
Jamiyat
−
30 avgust 2021
15220Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda vaksina olgan ayol gapirmaydigan, o‘rnidan turolmaydigan bo‘lib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan shahrida yashovchi ayol Z.A. bilan bog‘liq holat shu vaqtning o‘zidayoq vazirlik nazoratiga olingan. Tezkor ishchi guruh tuzilgan, vaziyat bevosita o‘rganilmoqda.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.A. koronavirusga qarshi vaksinaning faqatgina bitta dozasini bundan ikki oy oldin, ya’ni joriy yilning 28 iyun kuni olgani ma’lum bo‘lgan.
“Shu ma’lumotning o‘ziyoq fuqaroning sog‘lig‘idagi o‘zgarish emlash jarayonlariga mutlaqo bog‘liq emasligini aniq ko‘rsatadi. Ayni damda fuqaro Z.A.ning holati to‘liq tibbiy nazoratga olingan. Vaziyat yuzasidan o‘rganishlar yakunlangach, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi provokatsion va feyk xabarlar tarqatib, aholi orasida vaksinatsiya jarayonlariga ishonchsizlik paydo qilishga urinishdan tiyilishni so‘rab qoladi”, deyiladi SSV xabarida.
Avvalroq, Xorazmda koronavirusga qarshi emlangan ayol ko‘rmay qolgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo keyinroq, ayolning holatiga vaksinaning hech qanday aloqasi yo‘q ekani aniqlandi.
LiveBarchasi