Namanganda tarixiy masjidni buzgan qurilish rahbari qamoqqa olindi

3-sahifa

image

Namanganda tarixiy masjidni buzgan qurilish rahbari qamoqqa olindi, ammo u yetkazilgan zararni uch karra miqdorda qoplanganligi sababli garov ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.

Bildirilishicha, Namangan shahridagi XIX asrga oid “Sirli masjid” arxitektura yodgorligining qadimiy ganchkor uslubdagi kirish darvozasi va minorasi to‘liq buzib tashlanishi oqibatida yodgorlikka 554,4 mln so‘m zarar yetkazilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida yodgorlikka zarar yetkazgan qurilish korxonasi rahbari O.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 132-moddasi (Moddiy madaniy meros ob’ektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) 3-qismi va boshqa moddalari bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ammo, tergov davomida ayblanuvchi O.P. tomonidan yetkazilgan 554,4 mln so‘m zarar uch karra miqdorda ya’ni 1 mlrd 663 mln so‘m qoplanganligi sababli qonunchilik talablariga asosan, unga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi garov ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan.

“Hozirda, mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Jinoyat kodeksining 132-moddasi 4-qismiga asosan, tarixiy yodgorlikka yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan tarixiy masjid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing