Namanganda mas’ullar “kotel” uchun berilgan pulni cho‘ntagiga urdi

3-sahifa

image

Namangan viloyati Davlatobod tumanida ta’lim muassasalariga isitish qozonlari yetkazib berish uchun ajratilgan 1 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Davlatobod tumani MMTB mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.

Ular ta’lim muassasalariga isitish qozoni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ko‘ra “ABS” rusumli isitish qozonlarini sotib olishi lozim bo‘lgan. Biroq amalda “LES” rusumli isitish qozonlari xarid qilingan. Oqibatda 1 mlrd so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan 158,7 mln so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing