Namanganda konditsioner tuzatayotgan ustani elektr toki urib o‘ldirdi
3-sahifa
−
22 iyun 2023
9456Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi savdo markazida konditsioner tuzatayotgan usta tok urishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 13 iyun kuni soat 20:40 larda Yangiqo‘rg‘on tumani “Qorasuv” MFYda yashovchi elektrik Ya.Y. (23 yoshli) tuman hududidagi oziq-ovqat do‘konidagi konditsionerni tuzatish uchun kelgan.
U mazkur texnikaning bino tashqarisida joylashgan qismini tuzatayotgan vaqtida elektr toki ta’sir qilib, voqea joyida halok bo‘lgan.
Shuningdek, holat yuzasidan tegishli tartibda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilgan.
Voqea joyi ko‘zdan kechirilib, Ya.Y.ga tegishli bo‘lgan 1 dona ombur, 2 dona otvyortka, 1 dona elektr tokini o‘lchovchi moslama va do‘kondagi kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlar olinib, tekshirish materialiga qo‘shilgan.
Mazkur hodisa yuzasidan 13 iyun kuni sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, Ya.Y. elektr toki ta’sirida vafot etgani tasdiqlangan.
Holat bo‘yicha ishga aloqador 8 nafar shaxsdan tushuntirish xati olingan.
Bundan tashqari, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi va O‘zEnergo inspeksiyasi Namangan hududiy bo‘limidan malakali mutaxassislar jalb qilinib, tergovga qadar tekshirish olib borilmoqda.
Muhsinjon Umurzoqov