Namanganda bemor 18 kishiga koronavirus yuqtirgan. Ular orasida kelin-kuyov ham bor
Jamiyat
−
14 aprel 2020
13990Namangan viloyatida bir fuqaro 38 kishiga, yana biri to‘y marosimida 18 kishiga koronavirusni yuqtirgan. Bu haqda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov o‘zining telemurojaatida ma’lum qilgan.
“Viloyatimizda kasallikka chalingan fuqarolarimiz haqida aytadigan bo‘lsak, bir fuqaro 38 kishigacha bo‘lgan fuqarolarimizga yuqtirganini ko‘rish mumkin. Boshqa yana bir holat – 19 martda shu kasallikka chalingan fuqarolarimizdan biri to‘y marosimiga borib 18 kishiga yuqtirgani hamda eng achinarlisi, yangi kelin-kuyovga ham kasallikni yuqtirgani fuqarolarimizga xulosa uchun misol bo‘lmayaptimi?”, deya keskin fikr bildirgan Xayrulla Bozorov.
Viloyat hokimi o‘zining murojaatida, pandemiyaning xavfli ekani va kasallik oldida AQSHdek kuchli davlat ham ojiz qolayotganini misol qilib keltirgan. Bozorov bu hammaga saboq bo‘lishi kerakligini aytgan.
“Bugun internet nashrlarda vaziyat qanchalik tez o‘zgarayotganini hammamiz o‘qiyapmiz. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSHda koronavirusga chalinganlar soni yarim milliondan ortgan. Bir kunda vafot etganlar soni 2100dan oshgani bizning fuqarolarga saboq bo‘lmadimi? Shunday qudratli bo‘lgan AQSH kabi davlat koronavirus pandemiyasi oldida qanchalik ojiz qolgani har bir fuqaroni o‘ylantirishi kerak-ku”, deya ta’kidlagan viloyat hokimi.
Ma’lumot o‘rnida, viloyat hokimi Namangan viloyatida uch kunda aniqlangan bemorlarning 6 nafari kasallikni qayerda yuqtirganini bilmasligini aytib o‘tgan edi. Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi esa 13 aprel soat 06:00dan boshlab butunlay to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha kasallanganlarning 99 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor