Namanganda ayol o‘zini yoqib yuborishida kimlar aybdor?

Jamiyat

image

Joriy yilning 29 sentyabr kuni Namanganda MIB xodimlari harakatiga norozilik sifatida Gulandon Dadaboyeva o‘z ustidan benzin quyib, yoqib yuborgani haqida xabar yergan edik. Gulandon Dadaboyeva olgan 80 foizdan ortiq kuyish tan jarohati natijasida 30 sentyabr kuni RSHTYOIM Namangan filialida vafot etdi. Mazkur holat jamoatchilik orasida hamon muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Inson huquqlari faollari, jurnalist va blogerlar, xalqaro tashkilotlar holatga nisbatan munosabat bildirmoqda. 

QALAMPIR.UZ Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi, yuridik fanlar nomzodi Sayyora Xo‘jayeva bilan o‘tgankazgan suhbatida aynan Namangandagi voqea haqida gaplashdi. 

“To‘g‘risi ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeani ko‘rganimda, meni bir narsa hayratga soldi. U ham bo‘lsa - atrofda turgan odamlar. Ular shunchaki tomoshabin bo‘lib turishibdi, chunki ular ayol o‘zini yoqishiga ishonishmayapti. Men, o‘z tajribamdan kelib chiqib, shu kadrni ko‘rib ishondim. Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan davrimda har xil ayollarni ko‘rib, ko‘zim pishib ketgan. Ayollar psixologiyasi, ichki kechinmalari bilan yaqindan tanishib, ularning nima qilishi, qanday qadam tashlashini, qaysi harakati nimaga olib kelishini bilaman. Videoni ko‘riboq, hozir o‘zini yoqib yuboradi, deb aytdim. Bu tahdid ham, kimnidir qo‘rqitish ham emasdi. Ayol chegaraga olib kelingan edi. Meni hayratga solgan narsa, atrofda 20 dan ortiq erkak va ayollar turibdi va ulardan birortasi ham yugurib borib, ayolni qutqarishga harakat qilmadi. Sarosimaga tushiradigan holat edi, borib qutqarishguniga qadar biroz vaqt o‘tdi va uni saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Ayolni shu nuqtaga olib kelmaslik ham mumkin edi. To‘g‘risi bu voqeani o‘ylasam, o‘zimni juda yomon his qilaman”, deydi Sayyora Xo‘jayeva. 

Bo‘lib o‘tgan voqealarga nisbatan turlicha fikr va munosabat bildirilmoqda. Kimdir ayol o‘zini yoqmasa bo‘lardi, u endi ikki farzandini ham davlatning gardaniga qo‘yib ketdi desa, yana boshqalar nobop tizim va odamlar uni bunga majbur qilganini aytadi. Inson huquqlari faoli Sayyora Xo‘jayeva esa voqeaga aloqador barcha tashkilotlarni ayblaydi. 

“Biz hammamiz insonmiz, bunday holatlar har kuni ham bo‘lmaydi, lekin bu ayolning shunday ahvolga kelishiga, jamiyatda bo‘layotgan xodisalar, ayol atrofida yuz bergan xatoliklar va albatta, u yerda turgan insonlar sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Qo‘ni-qo‘shni, MIB, IIB xodimlari, qolaversa kadastr, notariusdan boshlab hammasi aybdor. Albatta, bo‘lib o‘tgan xodisaga, huquqiy baho beriladi. Siz bilan bizga o‘xshab tahlil qilinadi, ammo endi kech, chunki inson yo‘q. Farzandlari endi ona mehrisiz katta bo‘ladi. Onasi butun umr bolam deb o‘tadi. Bunday  hodisalar, albatta, O‘zbekistonning imidjiga dunyo hamjamiyati oldida ta’sir qo‘rsatuvchi, salbiy omillaridan biri, deb o‘ylayman”.

So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekistonda qator o‘zgarishlar kuzatildi. Matbuot va so‘z erkinligi tiklandi, inson huquqlarini ta’minlash masalasi ustuvor vazifaga aylandi. O‘zbekiston ko‘plab xalqaro hujjatlarni e’tirof etdi, xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga qabul qilindi. Mamlakat ichkarisida sodir bo‘layotgan bu kabi voqealar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro‘siga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bu voqea reytinglarga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinmi? Sayyora Xo‘jayeva ushbu savolga quyidagicha javob berdi: 

“Albatta,  ta’sir qiladi. Chunki xorijiy investorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishdan oldin, yetti marta emas, yetmish marta o‘lchab ko‘rishadi. Esimda, 2018 yil bizga investitsiya olib kirmoqchi bo‘lgan 700 ta chet el investorlari har xil sabablarga ko‘ra, o‘z sarmoyalarini kiritmasdan, qaytib ketishgan. Kimdir aytar, qaytsa qaytibdi deb. Ammo, ularning bizga olib kiritgan investitsiyasi tufayli, qancha-kancha yangi ish o‘rinlari ochilishi mumkin edi. Qancha yigit-qizlarimiz, chet elga ish axtarib, oilasidan uzoqqa, yurtni tark etib ketmas edi...”


Maqola muallifi

Teglar

MIB Gulandon Dadaboeva

Baholaganlar

643

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing