Parlamentda qurilish sohasini korrupsiyadan tozalash masalasi muhokama qilindi
Jamiyat
−
07 may 2020
6639Kecha, 6 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qo‘mitasida Qurilish vazirligining “Sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar bermoqda.
Eshituvda qurilish sohasidagi normativ huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalar va byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, qurilish sohasidagi Reglamentlarda bir qator normalar qurilish vazirligi tizimida ishlovchi xodimlar uchun korrupsiya va byurokratiyaga sabab bo‘lmoqda.
“Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”da bu sohada tegishli ruxsat beruvchi hujjatni olish uchun takroran murojaat qilinganda yig‘im undirilmasligi belgilanmagan. Bu esa, amaliyotda murojaatchi tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda takroran murojaat qilganda yana yig‘im undirishga sharoit yaratmoqda. Vaholanki, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasida tadbirkorlik sub’ektining arizasi takroran ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmasligi aniq ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, “Shaharsozlik normalari va qoidalari” (SHNQ) ma’nan eskirgan. Undagi bir qator qoidalar zamon talablariga mos kelmasligi bilan birga fuqarolar va tadbirkorlik subektlariga ortiqcha majburiyat yuklaydi. Masalan, “Shaharsozlik, shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish”da muhandislik tarmoqlarining joylashuvini amalga oshirishda trolleybus yo‘llari va liniyalari bilan bog‘liq talablar hamda hovli joy tarmoqlari va turar joy kvartiralari yer uchastkalarining o‘lchamlarini belgilash bo‘yicha posyolkalar bilan bog‘liq qoidalar belgilangan. Bundan tashqari, SHNQda ta’lim muassasalarni (kodoskop, filmoskop, rulonlik diafilmlar, videodvoyka, tryumo, konditsioner BK-2500 i hokazo) jihozlashni belgilovchi normalar hamon mavjud.
Deputatlar bu boradagi faoliyatda korrupsiya va byurokratiyaning oldini olish bilan birga qonun hujjatlarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida Shaharsozlik normalari va qoidalarilarini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlashdi.
Eshituvda qurilish ob’ektlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tender (tanlov) jarayonida eng ko‘p korrupsiya holatlari ro‘y berishi alohida ta’kidlandi. Xususan, kapital qurilish ob’ektlarini qurish uchun g‘oliblarni aniqlashda manfaatlar to‘qnashuvi bevosita namoyon bo‘lishi, bu borada shaffoflik va ochiqliqning yo‘qligi unda korrupsion holatlar avj olishiga olib kelishi bildirildi. Misol uchun, “O‘zbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari to‘g‘risida”gi Nizomda tanlov savdolari tashkilotchisi tanlov savdolari to‘g‘risida pudratchini kamida 30 kun oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon berishi yoki potensial pudratchilarga tanlov savdolarida qatnashishga taklifnoma jo‘natishi belgilangan. Ushbu jarayonning dastlabki bosiqichida tanlovda ishtirok etadigan shaxslarni belgilash huquqi tashkilotchining o‘ziga berilgan.
Shuningdek, Nizomning 35-bandida talabgorga qo‘yiladigan talablar ro‘yxatidan tashqari, buyurtmachi tomonidan boshqa talablar ham qo‘yilishi mumkinligi ushbu jarayonda korrupsiya uchun keng imkoniyat yaratadi.
Deputatlar tomonidan ushbu nizomga vazirlik tomonidan hanuzgacha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasida natijali ish qilinmagani tanqid qilindi.
Qurilish tartibi bo‘yicha qurilishning har bir bosqichini tugatgandan so‘ng navbatdagi bosqichga o‘tish alohida nazoratga olinadi. Lekin, amalda ayniqsa, beton namunalarini yuqori bosim ostida sinov dalolatnomalari Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi laboratoriyasidan berilishi lozim bo‘lsada, ushbu jarayonni haqiqatan bajarilganligini faqatgina qog‘ozlarda ko‘rish mumkin bo‘lib, bu borada elektron tizim yaratilmagani alohida ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2020 yil aprel holatiga, prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 38 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘, imtiyozli qurilish materiallari va boshqa moddiy boyliklar talon-taroj qilingan. 2018-2019 yillarda qurilish sohasida 365 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, uning 72 foizi korrupsiya bilan bog‘liq. Javobgarlikka tortilgan shaxslarning 14 nafarini qurilish vazirligi tizimi xodimlari tashkil qiladi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Qurilish vazirligi va tizimdagi idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ruxsatnomalar berishda 2019 yil davomida jami 17418 ta holatda qonun buzilishi holati qayd etilgan.
Eshituv yakunida Qurilish vazirligiga qurilish sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlaridagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish, o‘tkaziladigan tanlov (tender)larni axborot texnologiyalarini joriy etgan holda onlayn rejimda tashkil etish, doimiy ravishda “korrupsiyaga qarshi ichki audit” olib borish, qurilish sohasida qonunosti hujjatlarini qisqartirish, noaniqlik keltirib chiqaruvchi yoki jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shimcha majburiyat yuklovchi normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘rish, vazirlik tizimida Jamoatchilik kengashining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtiroki va rolini oshirishga ko‘maklashish vazifalarini yuklash bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasining qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr